Samarqandda aholi tomonidan to‘rt mingdan ziyod ashyo muzeylarga topshirilgan
Uch yildan beri “Milliy merosga mening hissam!” umumxalq aksiyasi doirasida aholidan sotib olingan yoki tuhfa sifatida qabul qilingan qadimiy ashyolar namunalari ko‘rgazmasi tashkil etib kelinmoqda.
Samarqand shahridagi O‘zbekiston madaniyati tarixi davlat muzeyida shu nomdagi navbatdagi ko‘rgazma bo‘lib o‘tdi.
Tadbir avvalida viloyat hokimining o‘rinbosari Rustam Qobilov so‘zga chiqib, mazkur aksiyaning ahamiyati va muzeylardagi milliy merosimizni asrash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtaldi.
– Davlatimiz rahbarining 2022 yil 27 maydagi “Muzeylarda xizmatlar sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida aholi qo‘lidagi madaniy boyliklarni davlat muzeylari tomonidan qabul qilib olishni rag‘batlantirish va ommalashtirishga karatilgan “Milliy merosga mening hissam!” umumxalq aksiyasini o‘tkazish belgilangan, – deydi R.Qobilov. – Mazkur aksiyani amalga oshirish, ya’ni aholidan qadimiy buyum va ashyolarni sotib olish uchun har yili mahalliy byudjetdan mablag‘ ajratilmoqda. Jumladan, keyingi uch yilda 1 milliard 225 million so‘m mablag‘ ajratilib, to‘rt mingdan ziyod ashyo muzey fondiga qabul qilindi. Joriy yilning o‘tgan davrida etnografiya, numizmatika, arxeologiya, tasviriy san’at va boshqa sohalarga oid 1700 dan ortiq ashyo muzeyga keltirilgan. Shundan 1205 tasi xarid qilingan bo‘lsa, 423 tasi aholi va muzey xodimlari tomonidan tuhfa qilingan, 75 donasi bojxona xodimlari tomonidan berilgan.
- Viloyat bo‘yicha muzeylarimizda 240 mingga yaqin eksponat saqlanadi, - deydi Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi direktori Ma’sud Samiboyev. – Shundan 8 mingga yaqin ashyo muzeylar eksozitsiyasiga chiqarilgan. Ular orasida fuqarolardan qabul qilinganlari ham bor. Ba’zida fuqarolarimizdan ashyolarni sotib olishimizga qaramay, eksponatlarni muzeyga topshirishni istamaydi. Masalan, tarixiy ashyo va madaniy merosga aloqador eksponatlarni xorijga olib chiqish qonun talablariga ko‘ra taqiqlangan. Shunday ekan, ashyolarning yo‘qolib ketmasligi va kelajak avlodga yetkazish uchun muzeylarga topshirgan ma’qul.
Ko‘rgazmada “Milliy merosga mening hissam!” umumxalq aksiyasida faol ishtirok etgan fuqarolarga tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari, shuningdek, bu fuqarolarga oila a’zolari bilan birgalikda 2025 yil davomida Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi tarkibidagi madaniy meros ob’yektlari va muzeylarga bepul kirishi uchun sertifikatlar topshirildi.