Samarqandda aholi uchun kengaytirilgan tibbiy ko‘rik va muolajalar oyligi boshlandi

Xalqaro salomatlik kuni munosabati bilan barcha hududlarda Sog‘liqni saqlash vazirligining “Salomatlik sayllari” oyligi o‘tkazilishi belgilandi.

Shu munosabat bilan Samarqand shahar tibbiyot birlashmasi tasarrufidagi 2-son oilaviy poliklinikasida bugundan boshlab salomatlik sayli boshlandi. Ayni vaqtda istovchilar Toshkentdan kelgan malakali mutaxassislarning tibbiy ko‘rigidan o‘tib, salomatligi borasida kerakli ma’lumotga ega bo‘lmoqda.

Bir oy davomida Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari va viloyat davolash profilaktika muassasalarining malakali mutaxassislari hamda tibbiyot oliygohlarining professor o‘qituvchilari ishtirokida tegishli grafik bo‘yicha viloyatimiz hududlarida profilaktik tibbiy ko‘riklar, skrining dasturlari va sog‘lomlashtirish tadbirlari tashkil etiladi.
Shuningdek, tibbiy ko‘rik va tekshiruvlar natijasiga ko‘ra, bemorlarga bir qator dori vositalari berilishi ko‘zda tutilgan. Barcha xizmatlar bepul amalga oshiriladi.