Samarqandda aholiga imtiyozli narxda tarqatishga mo‘ljallangan qariyb bir milliard so‘mlik ko‘mir talon-toroj qilingani aniqlandi

Davlat tomonidan tarqatilayotgan ko‘mirning aholiga yetib borishi yuzasidan viloyat prokuraturasi organlari tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida “Ko‘mir ta’minot” MChJning viloyat filiali tasarrufidagi “Maroqand” va “Ziyovuddin” hududiy ko‘mir omborlari mudirlari kuz-qish mavsumida aholiga imtiyozli narxda tarqatishga mo‘ljallangan ko‘mirlarni talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

Xususan, “Maroqand” hududiy ko‘mir ombori mudiri A.B. kuz-qish mavsumida aholiga imtiyozli narxda tarqatishga mo‘ljallangan 368,1 mln. so‘mlik 1225,6 tonna ko‘mirlar mahsulotlarini go‘yoki fuqarolar olganligi to‘g‘risida soxta ma’lumotlar tayyorlab, naqd pulga sotib yuborgan.

Shuningdek, “Ziyovuddin” hududiy ko‘mir ombori mudiri F.S. kuz-qish mavsumida aholiga imtiyozli narxda tarqatishga mo‘ljallangan 549,5 mln. so‘mlik 915,9 tonna ko‘mir mahsulotlari talon-toroj qilgan.

Mazkur holatlar bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ko‘mir ombor mudirlari protsessual tartibda ushlangan. Tergov harakatlari davom etmoqda.

Mazkur yo‘nalishda nazorat tadbirlari davom etmoqda.