Samarqandda ayollar va yoshlar uchun agrobiznesga yo‘l ochuvchi seminar o‘tkazildi

Samarqand shahrida "Fermer xo‘jaliklari va aholi tomorqalarida intensiv usulda bog‘dorchilik va uzumchilik. Mahsulotlarni saralash, qayta ishlash va qadoqlash. Qishloq xo‘jaligida biznesni rejalashtirish va moliyalashtirish, marketing va brendlash" mavzusida seminar-trening bo‘lib o‘tdi.
Unda soha mutaxassislari, tadbirkorlar, fermerlar, xotin-qizlar va yoshlar ishtirok etdi. Seminar O‘zbekiston “Agrar soha ayollari” uyushmasi, viloyat hokimligi, Kasaba uyushmalari federatsiyasi viloyat kengashi hamkorligida, Germaniya taraqqiyot banki (KfW) hamda “Biznes va finans konsalting” (BFC) GmbH tashkilotining moliyaviy ko‘magida tashkil etildi.
Tadbirda fermer xo‘jaliklari va aholi tomorqalarida intensiv usulda bog‘dorchilik va uzumchilikni tashkil etish, yetishtirilgan mahsulotlarni saralash, qayta ishlash, qadoqlash va bu yo‘nalishda biznesni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Samarqand viloyatidagi barcha toifadagi xo‘jaliklarda mavjud 42,4 ming gektar bog‘larning 18,4 ming gektari intensiv bog‘lardir. Kelgusida zamonaviy bog‘larni kengaytirish — yerlardan samarali foydalanish, fermer va dehqon xo‘jaliklari samaradorligini oshirish, shu bilan birga meva yetishtirish hajmini ko‘paytirishga zamin yaratadi.
Viloyatda mavjud bog‘-tokzorlar maydonini kengaytirishda intensiv usullar muhim ahamiyat kasb etmoqda. Joriy yilda 2,5 ming gektar yangi bog‘ va 1,2 ming gektar tokzor barpo etish belgilangan bo‘lib, bahor mavsumida 1,3 ming gektar bog‘ va 1,2 ming gektar yangi tokzorlar tashkil etildi.
2024 yilda viloyatda yetishtirilgan 401,8 ming tonna mevaning qariyb 69 ming tonnasi sanoat usulida qayta ishlangan. Bu yo‘nalishda samaradorlikni oshirish uchun qo‘shimcha qiymat zanjirini yaratish, aholini, ayniqsa xotin-qizlarni agrotadbirkorlikka jalb etish muhim vazifalardan biri hisoblanadi.
– Mazkur seminardan asosiy maqsad – xotin-qizlar va yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlikni rivojlantirish orqali ularning bandligini ta’minlash va doimiy daromad manbaini shakllantirishga alohida e’tibor qaratishdan iborat, – dedi “Agrar soha ayollari” uyushmasi rahbari Adiba Axmadjonova. – Aholi tomorqalarida yil davomida meva-sabzavot yetishtirib, daromadni oshirish uchun katta imkoniyatlar mavjud.
Seminarda shunday imkoniyatlardan unumli foydalanish, biznesni yo‘lga qo‘yish masalalari bo‘yicha mutaxassislar o‘z fikrlarini bildirdi. Ishtirokchilarga tegishli tavsiya va maslahatlar berildi. Ularni qiziqtirgan savollarga soha mutaxassislari batafsil javob berdi.