Samarqandda ayrim maktablar karantinga yopilgan. O‘quvchilar masofaviy ta’lim olyaptimi?
Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, 2021 yil 19 may holati bo‘yicha viloyatdagi 1255 ta maktabning 165 tasi epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib, 14 kunlik karantinga yopilgan.
Masofaviy ta’lim jarayonining tashkil etilishi holati joriy yilning 19-20 may kunlari Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi viloyat hududiy bo‘limi tomonidan tuman xalq ta’lim bo‘limlari bilan hamkorlikda Paxtachi tumanidagi 27-, Narpay tumanidagi 11-, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 50- va 59-, Past Darg‘om tumanidagi 45-, Payariq tumanidagi 6-, Jomboy tumanidagi 4-, Samarqand tumanidagi 29- umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘rganildi.
Faoliyati o‘rganilgan barcha umumta’lim maktablarida masofaviy ta’lim jarayoni qoniqarsiz ahvolda tashkil etilgan.
Masofaviy ta’lim olayotgan o‘quvchilarning ro‘yxati mahallalar kesimida shakllantirilmagan. O‘quvchilarning masofaviy ta’lim olish uchun mavjud shart-sharoitlari o‘rganilmagan. Aksariyat fan o‘qituvchilari tomonidan “Onlayn maktab” loyihasi doirasida o‘quvchilar bajargan uy vazifalari o‘z vaqtida tekshirilib, baholab borilmagan. O‘quvchilarning uy vazifalarini baholab borish bo‘yicha dars beradigan sinflar uchun vaqtinchalik sinf jurnali (daftari) yuritilmagan.
Jumladan, Narpay sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limining 2021 yil 10 maydagi 5-sonli qarori bilan tumandagi 11-maktab 14 kun muddatga to‘xtatilgan. Darslar “Onlayn maktab” platformasi orqali masofaviy shaklda davom ettirilishi belgilangan. Ammo bu to‘g‘rida maktab direktorining buyrug‘i chiqarilmagan.
Narpay tumanidagi Ko‘kota mahallasida yashovchi Bahodir Ahmedovning 2 nafar farzandi mazkur maktabning 9- va 6-sinfida tahsil oladi. B.Ahmedovning aytishicha, farzandlarini masofaviy shaklda tahsil olishi uchun uyda imkoniyat yo‘q, internet mavjud emas, maktab ma’muriyati, sinf rahbarlari telefon orqali yoki uyga kelib biron marta bolalarini o‘qishi bilan qiziqmagan.
Maktab bilan mazkur fuqaro yashaydigan hovli o‘rtasidagi masofa 150 metrni tashkil etadi.
Shuningdek, mazkur mahallada yashovchi Sayyora Odilovaning 7-sinfda o‘qiydigan farzandi Sherbek Odilov bilan suhbatlashilganda, “Onlayn maktab” mashg‘ulotlaridan hech narsa tushunmayotgani, videodarslarda katta hajmdagi ma’lumotlar kam vaqtda berilishi, o‘zlashtirish qiyinligi, 10 kunlik karantin davrida biron bir fandan mavzularni tushunmagani, tushunmagan mavzulari bo‘yicha kimdan javob olishni bilmasligini ma’lum qilgan. Onasi Sayyora Odilova farzandlarini yaxshi mukammal bilim olishi uchun maktab tezroq an’anaviy shaklga o‘tishini xohlaydi.
Paxtachi tumani Tadbirkor mahallasida istiqomat qiluvchi tumandagi 27-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 6-sinf o‘quvchisi Javohir Ilhomov oilasida telefon bor bo‘lsa-da, telegram messenjerida tashkil etilgan guruhga qo‘shilmagan. 27 kunlik karantin davrida o‘quvchini dars qilish jarayoni biron marta nazoratga olinmagan. 4-sinf o‘quvchisi Zarina Ilhomova va Nodirbek Rustamov, 7-sinf o‘quvchisi Fazliddin Turdiboyev bilan o‘tkazilgan suhbat jarayonida ham o‘quvchilar nazoratsiz qoldirilgani aniqlandi.
Masofaviy ta’limning talab darajasida tashkil etilmasligi, nazoratsizlik, qarovsizlik tufayli karantin muddati tugagandan keyin an’anaviy dars jarayonlariga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Jomboy tumanidagi 4-maktabda karantindan keyingi birinchi an’anaviy dars kuni (20 may kuni soat 11:45 da) 6-, 9- va 10-sinflarda o‘quvchilar maktabga kelmaganligi sababli darslar o‘tkazilmagan.
O‘quvchilarning onlayn darslarda ishtiroki, o‘zlashtirishi bo‘yicha individual nazorat o‘rnatish darajasi past. O‘qituvchi tomonidan qo‘shimcha topshiriqlar berilmagan, televizion darsda o‘tilgan mavzular yuzasidan qo‘shimcha tushuntirish ishlari olib borilmagan, baholab borish talab darajasida emas.
Shuningdek, masofaviy ta’limda davomat va o‘zlashtirish bo‘yicha tuman, viloyat miqyosida monitoring yuritilmayotgani quyi rahbarlarning ishni yanada bo‘shashtirib yuborishiga sabab bo‘lgan.
D.Bobojonov,
Ta’lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi viloyat hududiy bo‘limi bosh mutaxassisi.