Prezident qarorlari — hayotda va nazoratda

Xalqimizda “Uyi borning o‘yi bo‘lmaydi”, degan maqol bor. Bu bejiz aytilmagan. Zero, odamlarning uy-joy bilan ta’minlanganlik darajasidan qoniqish hissi ertangi kunga bo‘lgan ishonchni oshirsa, boshqa tomondan turmush farovonligiga xizmat qilib, oilaviy saodatga eltadi.
O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika institutida o‘qituvchi bo‘lib ishlayotgan Eldor Abduraimov yosh oilalardan. 3 nafar farzandni voyaga yetkazayotgan oila qariyb 10 yil ijarada yashashiga to‘g‘ri kelgan. Uy-joyli bo‘lish orzusi ularni hatto bir muddat bo‘lsin tark etgan emas. Moliyaviy muammolar sabab o‘z uyi bo‘lmagach, farzandlari bilan shu paytga qadar u manzildan bu manzilga ko‘chib yashadi. Rasmiy daromadi yetarli bo‘lmagan aholiga ham ipoteka krediti olish imkoni yaratilgani Abduraimovlar oilasi kabi topish-tutishi yaxshi bo‘lsa-da, rasmiy daromadi kam yoki umuman bo‘lmagan yurtdoshlarimiz uchun qulaylik yaratdi. Qahramonimiz ham subsidiya asosida 3 xonali xonadon xarid qilib, bugun ushbu maskanda oilasi bilan totuvlikda yashab kelmoqda.
Ularning to‘lov qobiliyatini aniqlashda bank kartasidagi aylanma, ijara, kommunal va boshqa xarajatlarga to‘langan pullari ham hisobga olinadigan bo‘ldi. Bunday ehtiyojmandlarning dastlabki badalni ko‘proq to‘lab, arzonroq kredit olish imkoniyatiga ega bo‘lishi ham muhim voqelik bo‘ldi. Bundan tashqari, subsidiyaning muddati qisqartirilishi, belgilangan muddatda subsidiya sertifikatidan foydalanmagan fuqarolarga subsidiya olish uchun yana qayta murojaat qilish huquqi berilishi, buning uchun joriy yilda ipoteka kreditlari bo‘yicha dastlabki badal va foiz to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar sonini 1,5 baravarga oshirish va mazkur maqsadlarga Davlat byudjetidan 2,5 trillion so‘m yo‘naltirilishi yurtimizda har bir inson, uning hayoti qadrlanishining amaldagi ifodasidir.
Aholini uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha zamonaviy tizim yaratilib, davlat rahbari boshchiligida bu borada olib borilayotgan islohotlarning ko‘lamli va qamrovi g‘oyat kengayib bormoqda. Joriy yildan bu ishlar yangi bosqichga olib chiqildi. So‘nggi yillarda aholi soni yiliga qariyb 800 ming nafarga, yangi oilalar soni esa 300 mingtaga ortayotgani uy-joyga bo‘lgan talabni qondirish bo‘yicha ishlarni jadallashtirishni taqozo etmoqda. 2025 yil 21 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangan “Uy-joy va ipoteka bozorini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmon yangi O‘zbekistonni ulkan qurilish, bunyodkorlik maydoniga aylantirdi.
Tahlillarga to‘xtalsak, so‘nggi 5 yilda umumiy maydoni 21,7 million metr kvadrat bo‘lgan ko‘p kvartirali uy-joylar barpo etilib, aholining uy-joy sotib olishiga ko‘maklashish uchun 67 trillion so‘mlik ipoteka kreditlari ajratildi hamda ushbu maqsadlarga davlat byudjetidan 44 trillion so‘m yo‘naltirildi. Daromadi yuqori bo‘lmagan 64 ming nafardan ortiq fuqaroga 3,5 trillion so‘mdan ortiq subsidiya mablag‘lari to‘lab berildi. Bu borada viloyatimizda ham salmoqli natijalar bor.
Narpaylik Ulug‘bek Nazarov Samarqand davlat chet tillar institutida mehnat faoliyatini boshladi. Lekin hayotning boshlang‘ich bosqichida har bir insonning ko‘nglida tabiiy istak — o‘z uyiga, tinch va farovon hayotga ega bo‘lish orzusi yotadi. Ulug‘bek Nazarov ham oila qurgach, ikki farzandi uchun mustahkam, tinch va shinam xonadon olishni niyat qilgandi. Ammo oliy ta’limdan keyin mustaqil hayotga qadam qo‘ygan, jamiyatda o‘rnini endi topgan oila vakillarida boshlang‘ich to‘lov muammosi ko‘ndalang turardi. Bunday paytda davlatimizning insonparvarlik siyosati — uy-joyga muhtojlarga qaratilgan imtiyozli dasturlar uning hayotida yangi sahifani ochdi. Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan subsidiya asosida uy-joy taqdim etish siyosati nafaqat Ulug‘bek Nazarov, balki yuzlab, minglab mehnatkash fuqarolarning hayotini tubdan o‘zgartirmoqda. Ulug‘bek bu imkoniyatdan foydalanib, davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan subsidiya asosida ikki xonali yangi uyga ega bo‘ldi. Endi u o‘z farzandlari bilan tinch va shinam xonadonda yashamoqda.
Qayd etish joizki, Samarqand viloyatida davlat dasturlari asosida 2024 yil mobaynida 11 mingdan ortiq xonadonli 153 ta ko‘p qavatli uy-joylar qurilib, foydalanishga topshirilgan. Joriy yilda esa viloyat hududida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Uy-joy va ipoteka bozorini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» Farmoniga asosan, jami 750 ming metr kvadratdan iborat 12500 xonadonli 179 ta uy-joylarni qurish belgilangan. Jumladan, “Yangi O‘zbekiston” massivlarida 65 ta 4781 xonadonli, talab yuqori bo‘lgan boshqa hududlarda 114 ta 7719 xonadonli uy-joylar qurilishi rejalashtirilgan bo‘lib, 56 ta 4351 xonadonli uy joylar renovatsiya asosida qurilmoqda. Hozirgacha 645 xonadonli 11 ta uy-joy foydalanishga topshirildi. 2025 yilda ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiya olish uchun fuqarolardan kelib tushgan arizalar asosida 3 431 ta fuqaroga subsidiya taqdim etildi.
Ta’kidlash kerakki, joriy yilda bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlash dasturi asosida hududlarda jami 8,1 million metr kvadratdan iborat 135 ming kvartirali uy-joylarni qurish, uy-joy va ipoteka bozorini moliyaviy resurslar bilan ta’minlash uchun 20,9 trillion so‘m miqdoridagi ipoteka kreditlarini ajratish, «Yangi O‘zbekiston» va boshqa massivlarda ko‘p kvartirali uy-joylarni barpo qilishda ishtirok etadigan qurilish tashkilotlarini aylanma mablag‘lar bilan ta’minlash uchun davlat byudjetidan 700 milliard so‘m hamda tijorat banklarining o‘z mablag‘lari hisobidan 3,0 trillion so‘m miqdoridagi mablag‘larni yo‘naltirish ko‘zda tutilgan.
Joriy yilda mamlakatimizda 120 ming xonadonli ko‘p qavatli uy qurilishi rejalashtirilgan. Bu uylarda “yashil” energiyadan foydalaniladi.
Asosiysi, bu orqali shu hududdagi odamlarning dunyoqarashi o‘zgaradi, turmush tarzi tubdan yaxshilanadi, ish o‘rni ko‘payib, iqtisodiyot rivojlanadi.
Bu yil uy-joy dasturlarini moliyalashtirishga byudjetdan 15 trillion 500 milliard so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan. Banklar tomonidan bunga qo‘shimcha 10 trillion so‘m, “Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi” tomonidan 2,3 trillion so‘m yo‘naltiriladi. Buning yordamida 70 mingta xonadonning ipoteka krediti orqali sotilishiga sharoit yaratiladi. Shundan 30 ming xonadon, boshlang‘ich badaliga byudjetdan subsidiya to‘langan holda, daromadi yuqori bo‘lmagan oilalarga beriladi.
Maqsud Qurbonov,
viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari.