“Mehr va tushunish: Oiladagi stressga qarshi kuchli dori”

Bugun ko‘pchilik odamlar pul topaman deb, o‘zini tushkunlikka solmoqda. Ish, oila, moliya bosimi ostida har kuni stressga tushadi. Bu faqat kattalarga emas, balki bolalarga ham ta’sir qilmoqda. Oilada doimiy janjallar, bir-birini tushunmaslik, eshitmaslik, hurmatsizlik odamlarni charchatadi, ruhiy zo‘riqishga soladi.
Misol uchun, ota-ona ishda charchab kelib, bolani tushunmay, keskin gapirib yuboradi. Bola esa bu gaplardan xafa bo‘ladi, o‘zini qadr-qimmatdan mahrum his qiladi. Yoki oilada ota-ona bir-birini eshitmay, arzimas gaplardan janjallashib ketishadi. Bu nafaqat ularning ruhiyatini buzadi, balki bolalar uchun ham xavfli muhit yaratadi.
Bugun ko‘pchilik yoshlar kattalarning gaplarini eshitmaydi, ularni tushunmaydi. Shu sababli ota-onalar ham ularni tushunmaydi. O‘rtada hurmat yo‘q, mehr-muhabbat kamayib ketgani uchun ularda ruhiy zo‘riqish, depressiya, stress paydo bo‘ladi. Bu esa hayot sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Bunday vaziyatda eng oddiy va samarali narsa – bir-birini eshitish va tushunishga harakat qilish. Misol uchun, ota-onalar bolalar bilan kuniga 5 daqiqa bo‘lsa ham gaplashib, ularni qanday his qilayotganini so‘rashi kerak. Bolalar ham o‘zlarini ochiqchasiga ifoda eta olishga o‘rganishlari lozim. Oilada kichik hurmat va ehtirom muhitini yaratish juda muhim.
Shuningdek, bir-biriga qattiq tanbeh bermaslik, yomon gaplarni aytmaslikka harakat qilish kerak. Har kimning qiyin payti bo‘lishi mumkin, shuni anglab, sabr bilan muomala qilish ruhiy salomatlikni asrashda muhim rol o‘ynaydi.
Agar oilada yoki ish joyida stress, depressiya ko‘payayotgan bo‘lsa, professional psixolog yoki maslahatchiga murojaat qilishdan cho‘chimang. Bu kuchsizlik emas, balki o‘z hayotingizga, oilangizga, kelajagingizga g‘amxo‘rlik qilish demakdir.
Yodingizda bo‘lsin, har bir insonning ruhiy salomatligi jismoniy sog‘liqdek muhim. Agar uni e’tiborsiz qoldirsangiz, hayotingizda ko‘plab muammolar paydo bo‘ladi. Shuning uchun kichik bo‘lsa ham bir-biringizga mehr ko‘rsating, bir-biringizni tinglashga harakat qiling. Bu oddiy qadamlar oilangizdagi stress va depressiyani kamaytiradi, farzandlaringizning kelajagini nurli qiladi.
Shahlo ShOMURODOVA,
Samarqand davlat chet tillar
instituti professori.
Sevara MAMADIYoROVA,
o‘qituvchi.