Poraxo‘rlik inqirozga olib boradi

Korrupsiya murakkab ijtimoiy-iqtisodiy-siyosiy hodisa bo‘lib, jamiyat taraqqiyotining muhim omillari bo‘lmish tinchlik, osoyishtalik, adolat va qonun ustuvorligi kabi ijtimoiy-huquqiy qadriyatlarni butkul yo‘q qiladi, milliy xavfsizlikka tahdid solib, mamlakat rivojiga to‘siq bo‘ladi. Biror-bir sohada korrupsiyaga yo‘l qo‘yilar ekan, bu holat o‘sha sohani tanazulga uchrashiga sabab bo‘lishi bilan birga, butun mamlakatning obro‘yiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Agarda, bu  illatga kichkinagina bo‘lsada tuynuk ochilar ekan, hech mubolag‘asiz o‘sha davlat yoki soha inqirozga uchrashi ehtimoldan xoli emas, demoqchiman.

Shu bois, biz korrupsiyani eng xavfli illat sifatida qarashimiz, undan hazar qilishimiz, batamom qutulishga urunishimiz shart va lozim. Darhaqiqat, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev “Butun jamoatchilik birlashib, korrupsiyaga “jamiyat tanasidagi saraton” sifatida qarashi kerak” degan haqli e’tirofni bildirgan edi. Shu nuqtai-nazardan davlatimiz rahbarining 2025 yil 5 mart kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha o‘tkazilgan milliy kengash yig‘ilishida bergan topshiriqlaridan kelib chiqib o‘zimning fikr-mulohazalarimni mushtariylarga yetkazishni maqsadga muvofiq deb topdim.

Yangi O‘zbekistonda yurtdoshlarimizning erkin va farovon yashashi uchun keng ko‘lamli ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirilayotgan bir vaqtda, davlatning nufuzli idoralarida faoliyat ko‘rsatayotgan ayrim mansabdor shaxslarning pora oldi-berdisiga aloqadorlikda jinoyat ustida qo‘lga olinayotganligi achinarli holdir. Aslida bunday jirkanch ishga qo‘l urayotgan shaxslar davlat tomonidan moddiy jihatdan yetarlicha ta’minlangan bo‘ladi. Biroq, nazari och kimsalar o‘z mehnati evaziga topiladigan halol mablag‘ bilan oilasi daromadlarini oshirish, xavotirsiz yashash o‘rniga harom luqmaga ko‘z tikib, qaysidir qing‘ir ishi evaziga pora olishi oddiy mehnatkash xalqimizning haqli noroziligiga sabab bo‘lishini esdan chiqarmaslik kerak.

Nahotki, qonun bilan belgilangan vakolatlarini suiste’mol qilish, olayotgan maoshiga qanoat qilmasdan ta’magirlik yo‘liga o‘tish, egallab turgan mansabiga xilof ish tutib pastkashlikka borish, nafsiga qul bo‘lib sharmanda bo‘lish kerak bu shaxslarga?! Oqibatda oila a’zolari, jondan aziz farzandlarining luqmasiga harom aralashtirib, qilgan qilmishi tufayli birida bo‘lmasa birida qo‘lga tushib, yaqinlari hamda mahalla-ko‘yni xijolatda qoldirishini ko‘z oldiga keltirmasmikan?!

 

Yaratganning inoyati bilan to‘qson yoshga yetib, juda ko‘p alg‘ov-dalg‘ov davrlarni boshidan o‘tkazgan inson sifatida, o‘z tajribalarimga tayanib bir fikrni bildirmoqchiman. O‘tkan asrning o‘rtalarida qimmatchilik, qahatchilik, yo‘qchilik, ochlik va xorliklarni boshimdan o‘tkazdim. O‘shanda ham, men singari og‘ir ahvolda bo‘lgan bo‘lishiga qaramay, hech kim birovni haqqiga xiyonat qilmadi, firibgarlik, tovlamachilik yo‘li bilan daromad topmadi. Mabodo, kimgadir, qaysidir masalada yordam qilishgan bo‘lsa, bu ham faqatgina savob uchun beg‘araz amalga oshirilgan. Binobarin, azaldan ham noqonuniy yo‘l bilan daromad orttirish qoralanib kelingan.

Hozirgidek farovon zamonda tovlamachilik, firibgarlik, poraxo‘rlik illatlarining uchrab turganligini eshitib hayron qolasan. Nahotki, “Hamma ilm olishga intilgan to‘kin-sochinli zamonda shunchalar ham ma’rifati, ma’naviyati past, ojiz kishilar bor bo‘lsa oramizda” deya yoqa ushlaysan, kishi! Mana shunday nopok ishlarni sodir etib, yaqinlari va farzandlarining diydoridan mahrum bo‘lib tegishli joylarda jazo o‘tayotgan shaxslarning ayanchli ahvolidan voqif bo‘lsa ham, undan saboq chiqarmasdan, o‘z nafsiga erk berayotganlar borligiga yurt oqsoqollaridan biri sifatida juda achinaman, axir!

Shu o‘rinda, korrutsiya illatiga qarshi kurashishning ayrim ijtimoiy-huquqiy omillari haqida jamoatchilikka o‘zimning fikr va mulohazalarimni bildirmoqchiman.

 Joriy yilning 5 mart kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi majlisida ishtirok etgan Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev korrupsiya islohotlar yo‘lidagi eng katta to‘siq va g‘ov ekanini, korrupsiyaning oldini olish – davlat xizmatiga professional va fidoyi kadrlarni tanlash hamda ularni “halollik vaksinasi” bilan emlashdan boshlanishini ta’kidladi.

Davlatimiz rahbari nazarda tutgan “halollik vaksinasi” bilan emlash bu barcha davlat tuzilmalari faoliyatida korrupsiyaga qarshi qaratilgan yetarli tashkiliy-huquqiy mexanizmlarni yaratish, mavjudlarini esa zamon talablari asosida takomillashtirish va unga qat’iy rioya qilish orqali uning oldini olishni, unga qarshi samarali kurashishni anglatadi.

Korrupsiya davlat boshqaruviga, fuqarolarning davlat hokimiyati organlariga bo‘lgan ishonchiga va inson huquqlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shuning uchun, davlat organlari faoliyatini samarali amalga oshirishda korrupsiyaning oldini olish muhim ahamiyatga ega.

 Korrupsiyaga qarshi kurashish davlat organlari xodimlari va mansabdor shaxslarining ma’naviy qiyofasi, ya’ni ta’limi, tarbiyasi, halolligi, vijdonliligiga bog‘liq. Shunga ko‘ra, davlat xizmatiga mazkur talablarga javob beradigan halol va pok kadrlarni tanlash ushbu organlar rahbarlarining zimmasidagi birinchi navbatdagi vazifa hisoblanadi.

Aholining davlat hokimiyati organlari xodimlariga bo‘lgan ishonchi nafaqat ularning malakasi va mehnatevarligiga, balki halolligi va pokligiga, ya’ni yuksak ma’naviyatli bo‘lishiga bevosita bog‘liqdir. Davlat xizmatchisi nafaqat “yaxshi xodim”, balki “yaxshi inson” ham bo‘lishi kerak. Jamiyat mansabdor shaxslarga oddiy fuqarolarga nisbatan ancha yuqori ma’naviy-axloqiy talablar qo‘yadi;

Mansabdor shaxsning halolligi o‘z vazifalarini vijdonan bajarishida, rostgo‘yligida, nomaqbul harakatlardan o‘zini tiyishida va benuqson obro‘-e’tiborga ega bo‘lishida namoyon bo‘ladi. Har qanday sharoitda halollikka asoslanib yashaydigan mansabdor shaxs jur’atli va qat’iyatli bo‘la oladi. Buyuk fransuz faylasufi Volterning Halol odamni ta’qib qilish mumkin, ammo uni badnom qilib bo‘lmaydi degan so‘zlarini fikrimizning isboti sifatida qarash mumkin.

Har qanday shaxs u kim bo‘lishidan qat’iy-nazar o‘z oila a’zolarini faqat qonuniy va halol daromadlar evaziga yashashga o‘rgatish majburiyatiga egadir. Agarda kimda-kim farzandlarni harom luqma hisobiga boqayotgan bo‘lsa bu zahar berish bilan barobarligini va oqibatda muqarrar ravishda kulfatga giriftor bo‘lishi mumkinligini idrok qilishi darkor. Zero, Abdulqosim Zamaxshariy aytganidek: “Halol-pokiza kishi doimo xotirjamu tinchlikdadir, birovga xiyonatu yomonlik qiladigan kishi esa halokatga giriftordir”.

Kasbim sudyalik bo‘lganligidan kelib chiqib, poraxo‘rlik jinoyati ishtirokchilarining xatti-harakatlarini to‘g‘ri huquqiy baholash haqida ham alohida to‘xtalmoqchiman.

Deylik, pora beruvchi va pora oluvchi muayyan moddiy qiymatdagi pora predmetiga kelishishdi, ammo o‘sha kelishilgan narsa hali berilgan va olingan emas. Ularning bu qilmishlari fosh bo‘lib qolganda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 25-moddasi talabiga ko‘ra jinoyat sodir etishga suiqasd qilish sifatida pora bermoqchi bo‘lgan shaxsni Jinoyat kodeksining 25-moddasi orqali 211-moddasi bilan, ya’ni pora berishga suiqasd qilish jinoyatini sodir qilganlikda, pora olmoqchi bo‘lgan shaxsni esa, Jinoyat kodeksining 25-moddasi orqali 210-moddasi bilan, ya’ni pora olishga suiqasd qilish jinoyatini sodir qilganlikda aybdor deb topib, javobgarlikka  tortishga asos bo‘ladi.  

Biroq, bazi hollarda pora beruvchi shaxs kelgusida porani qaytarib olishni ko‘zlab yoki pora berishdan ko‘zlagan niyatiga erishish binobarida javobgarlikdan qutilib qolish maqsadi bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar bergan bo‘lishi mumkin. Ayni holatda, uning bu xatti-harakatlariga ham lozim darajada huquqiy baho berilishi kerak, albatta.

Qilmishni kvalifikatsiya qilishda, pora beruvchi tomonidan berilishi lozim bo‘lgan pora miqdori e’tiborga olinib, pora predmetining kelib chiqish manbalari ham atroflicha tekshirilishi, uning mehnatsiz daromadlar hisobidan orttirilganligi aniqlangan taqdirda, o‘sha aniqlangan summa yoki mulk davlat foydasiga musodara qilinishi lozim.

Shuningdek, ba’zi holatlarda sud amaliyotida pora beruvchi yoki pora berishga qiziqtiruvchi yoxud pora olish-berishda vositalik qilgan shaxslarning xatti-harakatlariga yetarlicha huquqiy baho berilmasligini kuzatishimiz mumkin. Natijada, bu turdagi jinoyatlar yangicha ko‘rinishda namoyon bo‘ladi. Ushbu shaxslarning xatti-harakatlari ham O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 211-moddasi talablari doirasida kvalifikatsiya qilinishi va pora predmeti esa davlat foydasiga musodara qilinishi lozim.

Yana boshqa bir holat. Aytaylik, pora beruvchining talabi bajarilmadi yoki to‘liq bajarilmadi. Bunday holatda, agarda pora bergan shaxs o‘ttiz sutka ichida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga arz qilsa, uning javobgarlikdan ozod etilishi qonunchilikda ko‘rsatilgan. Nazarimda qonunchilikdagi ushbu qoidani ham o‘ylab ko‘rishimiz kerak. Chunki, muayyan shaxs porani berib qo‘yib, keyin qaysidir fikrda, o‘z manfaati uchun qonunning shu imkoniyatidan foydalanishi ham mumkin. Shuning uchun pora beruvchilar ham qonundan qo‘rqib, unga to‘la itoat etishlari lozim bo‘ladi.

So‘zimning nihoyasida siz – hurmatli mushtariylarga yuzlanmoqchiman. Kelinglar azizlar, Yangi O‘zbekistonimizning ravnaqini dunyo ahli yuksak ehtirom bilan e’tirof etayotgan bir paytda, uning nufuziga putur yetkazuvchi nojo‘ya xatti-harakatlarga nisbatan birgalikda samarali ta’sir choralarini ko‘raylik.

Ubaydulla MINGBOYeV,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yurist,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi