Samarqandda bir necha mansabdor qo‘lga olingan
Samarqandda ko‘p miqdordagi pul mablag‘larini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgan bir necha mansabdor qo‘lga olingan.
Xususan, “Samarqand suv ta’minoti” MChJ Samarqand shahar filiali rahbari J.Z.ning ko‘p miqdordagi pul mablag‘larini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgani aniqlangan. Ushbu shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shuningdek, “Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali metrologiya xizmati boshlig‘i R.J. o‘z mansab vakolatlaridan foydalanib, Narpay tumanida joylashgan “Karim qurilish savdo” xususiy korxonasining norasmiy rahbari O.A. va uning jinoiy aloqalari tomonidan o‘g‘irlangan tabiiy gaz hisobini yashirish maqsadida, yetkazib berilgan va iste’mol qilingan tabiiy gaz hisob-kitoblarini muntazam o‘zgartirib kelgan.
Shu bilan birga, u yuqori bosimli gaz tarmoqlarida yuzaga kelgan kamomad va ehtimoliy o‘g‘irlik holatlari mavjudligini bilib tursa-da, masofadan turib gaz tarqatish stansiyalaridagi gaz hisoblagichlariga tashqi ta’sir ko‘rsatgan. R.J.ga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Yuqoridagi holatga ko‘maklashgan “Narpaytumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan Z.A. ham Narpay tumanida joylashgan “Karim qurilish savdo” xususiy korxonasi norasmiy rahbari O.A. va uning jinoiy aloqalarining noqonuniy faoliyatiga amaliy yordam berib, amalga oshiriladigan tekshiruv tadbirlari xususida oldindan xabardor qilib kelgan. Hozirda Z.A.ga nisbatan ham jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, u ehtiyot chorasi tariqasida qamoqqa olingan.
Yana bir holatda esa aksiyadorlik tijorat Xalq banki Samarqand filialida chakana savdo bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan Sh.Yu. o‘z mansab vakolatidan foydalangan holda o‘zining nomidagi bank plastik kartasiga noqonuniy ravishda 631 mln. so‘m kirim qilib, ushbu mablag‘ning barchasini “1 XVET” qimor o‘yiniga tikib yuborgan.
Ushbu holat yuzasidan Sh.Yu.ga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan 5 yil ozodlikdan mahrum qilish va 2 yil bank sohalarida moddiy va mansabdorlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Bundan tashqari, bir holatda Samarqand viloyati “Qurilishda tanlov savdolarini tashkil etish konsalting markazi” direktori S.G. hamda markaz bosh hisobchisi A.J.lar o‘zaro jinoiy til biriktirgan holda markaz mablag‘larini talon-toroj qilib kelgani aniqlangan.
“Qurilishda tanlov savdolarini tashkil etish konsalting markazi”ning 2016-2023 yillardagi faoliyati o‘rganilganda, markaz mansabdor shaxslari o‘zaro jinoiy til biriktirgan holda, jamiyatning 1,3 mlrd so‘mlik mablag‘larini o‘zlashtirib yuborgani aniqlanib, tegishli tartibda hujjatlashtirilgan. Bu ikkala shaxsga nisbatan ham jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.