Samarqandda bir oy komada yotgan 48 yoshli ayol hayotga qaytarildi (video)
Samarqand shahar tibbiyot birlashmasining reanimatsiya bo‘limida 48 yoshli ayol bir oy komada yotdi. Shifokorlarning sa’y-harakati bilan u hayotga qaytarildi. Bu haqda «Sevimli» telekanalining «Zamon» informatsion dasturida ma’lum qilindi.
«Bemor miyasida katta o‘sma bilan sun’iy nafas oldiruvchi apparat bilan bir oydan ortiq komada yotdi», — deydi Samarqand shahar tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Ahmadjon Bobojonov.
Qayd etilishicha, ayolning yaqinlari uning ahvolini ko‘rib, yashab ketishidan umidini uzgandi.
«Ammo shifokorlar eng so‘nggi daqiqada ham ayolning ahvolini yaxshilash, uning hayotini saqlab qolish imkoni borligiga hammani ishontirdi», — deyiladi reportajda.
«Bir-ikki marta yarim kechasi soat 02:00 larda ham operatsiya qilishga to‘g‘ri keldi. Shifokorlarimizning sa’y-harakatlari bilan ayolning hayotini saqlab qoldik. Hozir o‘ziga keldi, savollarimizga javob beryapti», — deydi tibbiy birlashma rahbari Ahmadjon Bobojonov.
«Bir oy mobaynida oldiga kirardik, ismini aytib chaqirsak, javob bermasdi, ko‘rmasdi, eshitmasdi. Hozir ismini aytsak, bizga qarayapti, gaplashyapti. Bir oy mobaynida shuni angladimki, shifokorlik dunyodagi eng qiyin soha ekan», — deydi bemor ayolning turmush o‘rtog‘i.
Shifokorlar kasb bayrami arafasida tashkil etilgan tantanali tadbirda Samarqand tibbiyot birlashmasi viloyatdagi «Yilning eng yaxshi sog‘liqni saqlash tashkiloti», deya e’tirof etildi.