Samarqandda bog‘ va o‘simliklarda zararkunanda va kasallik tarqalmasligi uchun nima qilinyapti?

2023 yilning o‘tgan davrida viloyat o‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasining tashqi karantin bo‘limi tomonidan 1910 ta fitosanitariya sertifikati, 1250 ta ichki fitosanitariya sertifikati, 753 ta zararsizlantirish dalolatnomasi, 1639 ta transport birligini ochish va karantin ko‘rigi dalolatnomasi rasmiylashtirilgan. 

Viloyat Matbuot uyida viloyat o‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Alisher Ismoilov ishtirokida soha mutaxassislari tomonidan olib borilayotgan profilaktik ishlarga bag‘ishlangan mabuot anjumanida bu haqda aytildi. 

Mas’ulning bildirishicha, viloyatda 23 853 gektar mevali bog‘, 26985 gektar sabzavot va 20 ming gektar kartoshka maydoni mavjud va ularda uchraydigan zararkunanda, kasalliklarga qarshi qishki agrotexnik tadbir ishlari olib borilgan.

- Jumladan, 23 853 gektar mevali bog‘ maydonida 20 853 gektar yaxob suvi quyish, 21014 gektar maydonda zararlangan, qurigan novdalarni kesish, 19273 gektar maydonda daraxtlar atrofini yumshatish, 19695 gektar maydonda dala chetidagi ariq-zovurlarni begona o‘t qoldiqlaridan tozalash ishlari olib borildi, - deydi A.Ismoilov. - 26 985 gektar sabzavot ekinlarini ekish uchun, 20 ming gektar kartoshka uchun mo‘ljallangan maydonlar begona o‘t qoldiqlaridan tozalandi. 

Shuningdek, viloyatimizda mavjud bog‘-tokzorlarda zararli organizmlarga qarshi kurashish maqsadida bahorgi profilaktik tadbirlar olib borilmoqda. Jumladan, 23 853 gektar mevali bog‘ maydonida 16167 gektar “Bordo” suyuqligi va 2 288 gektar “Mis kuporosi” hamda 4186 gektar moyli pereparatlar bilan ishlov olib borilishi nazorat qilinmoqda.