Samarqandda dori ishlab chiqarishni mahalliylashtirish holati qanday?
Keyingi yillarda mamlakatimiz farmatsevtika sanoati qo‘llab-quvvatlandi, tarmoqqa katta mablag‘lar ajratildi, farmatsevtika zonalari tashkil etildi. Lekin ulardan to‘liq foydalanilmayapti.
Davlatimiz rahbari tomonidan bu boradagi mahalliylashtirishni kengaytirish, tadbirkorlarning loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, ularning mahsulotlarini xarid qilishni ta’minlash bilan bog‘liq vazifalar belgilab berilgan. Xo‘sh, uning ijrosi viloyatimizda qanday bajarilyapti?
Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov mutasaddilar ishtirokida ushbu masalani muhokama qildi.
Yig‘ilishda sohadagi mavjud kamchiliklar, har bir dori ishlab chiqaruvchi korxonaning faoliyati va duch kelayotgan muammolari tahlil qilindi.
- Viloyat importining 16,2 foiz farmatsevtika mahsulotlari tashkil etishini inobatga olsak, dori vositalari va tibbiyot buyumlari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish qanchalik muhim ekanini anglash qiyin emas, – dedi Erkinjon Turdimov. - Shuning uchun viloyatimizdagi mavjud korxonalar va loyihalari puxta bo‘lgan tadbirkorlarning farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish bilan bog‘liq tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash zarur.
Viloyat rahbari shahar va tumanlar hokimliklariga ushbu tarmoq bo‘yicha mavjud korxonalarni qo‘llab-quvvatlash, xorijiy investorlarni jalb etgan holda yangi farmatsevtika loyihalarini ishlab chiqish bo‘yicha topshiriqlar berdi.