Samarqandda dorivor ekinlarni yetishtirish va qayta ishlash bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi

Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, mavjud dori-darmonlarning 60 foizini dorivor o‘simliklar xom ashyolaridan olingan preparatlar tashkil etadi.

Hozirgi vaqtda O‘zbekistonda 112 tur dorivor o‘simliklar rasmiy tabobatda foydalanishga ruxsat berilgan bo‘lib, ushbu dorivor o‘simliklarning 80 foizini tabiiy holda o‘suvchi o‘simliklar tashkil etadi. Tabiiy holda o‘suvchi dorivor o‘simliklarning ham xom-ashyo zaxirasi chegaralangan bo‘lib, ularni muhofaza qilish, bioekologik xususiyatlarini o‘rganish, xom-ashyo zaxirasidan to‘g‘ri foydalanish va ko‘paytirishning ilmiy asoslangan usullarini ishlab chiqish dolzarb muammolardan biridir.

Prezidentimizning “Dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash, ularning urug‘chiligini yo‘lga qo‘yishni rivojlantirish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar ko‘lamini kengaytirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori dorivor o‘simliklar sohasini rivojlantirishga qaratilgani ilmiy-tadqiqot ishlarini ham ancha jonlantirdi.

Xususan, bugungi kunda Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filialida 2022 yildan boshlab Innovatsion rivojlanish vazirligining dorivor ekinlar bo‘yicha ikkita ilmiy-amaliy loyihasi moliyalashtirildi. Bular qiymati 3,5 mlrd. so‘mlik “Texnik kannabis seleksiyasi va urug‘chiligi” hamda qiymati 1,1 mlrd. so‘mlik Samarqand bo‘znochi o‘simligini urug‘laridan ko‘paytirish va plantatsiyalarini tashkil etish mavzusidagi loyihalardir.

Bundan tashqari, filial yosh olimlari va magistrantlari tomonidan dorivor artishok va amarant o‘simliklarini viloyatimiz sharoitida yetishtirish va uni qayta ishlashni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan qiymati 80 mln. so‘mlik “Fitobar super-power” startap loyihasi hamda qiymati 250 mln. so‘mlik “Amarant XXI asr o‘simligi” mavzusida startap loyihasi amalga oshirilmoqda. Filialning Axborot-maslahat markazida bugungi kunda 0,5 gektar maydonda dorivor artishok ekini, 2 gektar maydonda esa amarant o‘simligi ekib ko‘paytirilmoqda.

Talabalarni ilmga yo‘naltirish, bandligini ta’minlash, qolaversa, kasbga muhabbat uyg‘otish maqsadida bugungi kunda bajarilayotgan loyiha ijrochilarining 55 foizi talabalardan iborat. Zero, talaba-yoshlar bo‘sh vaqtini bekor o‘tkazmasdan ilm-fanga bag‘ishlasa, sohaning yetuk va malakali mutaxassisi bo‘lib yetishadi. Shuningdek, qo‘shimcha daromad olib, jamiyat rivojiga ham o‘z munosib hissasini qo‘shadi.

Bugun zamon talablariga javob beradigan soha uchun yuqori salohiyatli, raqobatdosh va malakali kadrlar tayyorlash eng asosiy vazifa hisoblanadi. Filialda 2021-2022 o‘quv yilidan boshlab, “Dorivor o‘simliklarni yetishtirish texnologiyasi” mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilib, 10 nafar magistr tahsil olmoqda. Yangi 2022-2023 o‘quv yilidan boshlab esa, “Dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash texnologiyasi” bo‘yicha bakalavrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilmoqda. Kelgusida ta’limdagi uzviylikni amalga oshirish, ilmiy-tadqiqotlar natijadorligini ta’minlash ilmiy salohiyatni oshirib borish maqsadida doktorantura ixtisosligini ochish ham rejalashtirilgan.

Husniddin Xonqulov,

Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filiali direktori o‘rinbosari.