Samarqandda dunyo yosh olimlari xavfli kasalliklarni muhokama qilishyapti
Anjumanda mamlakatimizda tibbiyot yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan oliy o‘quv yurtlari hamda Rossiya, Ukraina, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston kabi chet davlatlardagi bir qator oliygohlarning 300 ga yaqin olim va talabalari qatnashyapti. Tadbirda tibbiyot sohasidagi yangiliklar, xususan, keksalarda uchraydigan kasalliklar, yurak qon-tomir, OITS, xirurgik hamda bolalar kasalliklari bo‘yicha ma’ruzalar tinglanmoqda.
Jumladan, anjumanda Boris Yelsin nomidagi Qirg‘iziston-Rossiya slavyan universitetidan 11 yosh olim qatnashmoqda.
- Ma’ruzalarimizda biz bolalar xirurgiyasi muammolarini ko‘tardik, - deydi kafedra mudiri Kalibek Mikiyev. – O‘ylaymanki, ko‘plab ilmiy tadqiqotlar ichida eng ahamiyatlisi bolalardagi o‘pka exinokokkozidir. U Tojikiston, Qirg‘iziston va O‘zbekistonda ko‘proq uchraydi. Exinokokkoz – jigar kasalligi bo‘lib, keyinchalik o‘pka va boshqa organlarga o‘tadi.
Yosh mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, Bishkek bolalar shifoxonasiga o‘tgan 10 yil ichida 1,5 ming bola shu kasallik bilan yotqizilgan. Uchdan yetti yoshgacha bo‘lgan 240 nafar bola operatsiya qilingan.
- Bu kasallikning xavfli tomoni shundaki, exinokokkoz bolalarda uzoq vaqt davomida yashirin kechadi, bolani hech nima bezovta qilmaydi. Hech qayeri og‘rimaydi, tana harorati me’yorda bo‘ladi. Kasallik asoratlari so‘nggi bosqichda namoyon bo‘ladi, shunda faqatgina operatsiya yordam beradi, - deydi yana bir ishtirokchi Kamchibek Zamirbekov. – Odam uni yovvoyi hayvonlar go‘shti va terisiga qayta ishlov berish jarayonida, yuvilmagan yovvoyi rezavorlar va tabiiy havzalardan suv ichib yuqtirib olishi mumkin.
Kirov davlat universiteti talabasi Anna Aksenova esa keng tarqalgan ichak xastaligi – nekrotik enterokolitni operatsion yo‘l bilan davolash usuli haqida ma’ruza qildi. Bu kasallik yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning 5 foizida uchraydi.
- Bu ichak kasalligi oqibatida ichak to‘qimalari yallig‘lanib, keyinchalik o‘ladi. Nekrotik enterokolit ko‘pincha vaqtidan oldin yoki kasal tug‘ilgan chaqaloqlarda uchraydi. Aksariyat hollarda bola dunyoga kelganidan 2 hafta o‘tgach rivojlana boshlaydi. 50-90 foiz holatlarda chaqaloqlar nobud bo‘ladi. Xastalikning rivojlanishiga asosiy sabab ichak bakteriyalaridir,- deydi u.
Ta’kidlash lozim, ilmiy-amaliy konferensiya ma’ruzalari “Biologiya va meditsina muammolari” jurnaliga kiritiladi.
Anjuman 12 mayda o‘z ishini davom ettiradi.
Zamira BOLTAYeVA,
Olim SONNIBOYeV