Samarqandda ekstremal sport turizmi rivojlanyapti

Xabar qilganimizdek, Samarqand tumani Oqbo‘yra mahallasi hududidagi dam olish maskanida "Xalqaro faol va ekstremal sport turizmi" festivali bo‘lib o‘tmoqda.
Xalqaro festivalda Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Rossiya, Tojikiston, Janubiy Koreya, Hindiston kabi mamlakatlardan 200 nafarga yaqin ishtirokchi-sportchilar sportchilar g‘oliblik uchun bellashmoqda.
- Festivalning tashkil qilinishi va yoshlarimizning paraplan sport turi bilan shug‘ullanishi viloyatimizda ekstremal sport turlarining rivojlanishiga poydevor bo‘ladi, - dedi festivalning tantanali ochilish marosimida Samarqand tumani hokimi Sirojiddin Usmonov. – Viloyatimiz, xususan, tumanimizda yangi turizm turining yo‘lga qo‘yilganligi kelgusida sohani yanada rivojlantirishga, turizm xizmatlari ko‘lamining oshishiga xizmat qiladi. Muhimi, bugundan boshlab yilning 12 oyi davomida mazkur hudud ekstremal turizm uchun mo‘ljallangan joyga aylanadi.
Uch kun davom etadigan festivalda milliy folklor chiqishlari, yoshlar uchun maxsus shou-dasturlar, paraplanda parvozlar, havo sharlari va ko‘pkari o‘yinlari o‘tkazilmoqda.
Bundan avvalroq Urgut tumanidagi Andak mahallasi hududida ilk bor “Xalqaro paraplan festivali“ bo‘lib o‘tgan edi.