Samarqandda eng yuqori yer solig‘i qayerda hisoblanadi?

Yer va mol-mulk solig‘idan berilgan imtiyozlar amaldami? To‘lovni o‘z vaqtida qilmasa, nima bo‘ladi? Kadastr hujjatlari yo‘q xonadonlarga soliq qanday hisoblanadi?

Viloyat Matbuot uyida viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari F.Ahmedjonov ishtirokida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida shu va boshqa savollarga atroflicha javob berildi.

Ta’kidlanganidek, Soliq kodeksining 423-moddasiga asosan mamlakatimizda jismoniy shaxslarning mol-mulk solig‘ini to‘lashi teng ulushlarda 15 aprel va 15 oktyabrga qadar amalga oshirilishi belgilangan. Bunda to‘lanadigan soliq summasi mol-mulkning 1 yanvardagi holatiga ko‘ra bo‘lgan kadastr qiymatidan va belgilangan soliq stavkasidan kelib chiqqan holda hisoblanadi. Xususan, yer solig‘i stavkalari har bir hudud uchun alohida, uning joylashuvi, yerining unumdorligi, infratuzilmasi singari qator me’yorlar asosida belgilanib, hududiy xalq deputatlari Kengashlari tomonidan tasdiqlanadi. Ayni kunda viloyatimizdagi yer solig‘ining eng yuqori qiymati Samarqand shahrining Nayman mahallasi (bir kvadrat metr uchun 499,2 so‘m)ga va eng past qiymati Qo‘shrabot tumanining Tinchlik mahallasi (bir kvadrat metr uchun 134,4 so‘m)ga hisoblanadi.

Ma’lumotga ko‘ra, bugun viloyatimizda jami 875510 nafar mol-mulk va yer solig‘i to‘lovchisi mavjud. Joriy yilning 1 oktyabriga qadar ularga hisoblangan 444042,1 million so‘m soliqdan 226626,4 million so‘mi undirilgan bo‘lib, shundan mol-mulk solig‘i 88732,43 million, yer solig‘i 146357,95 million so‘mni tashkil etadi. Hududlar kesimida tahlil qilinganda, soliq undirilishidagi eng past ko‘rsatkich Urgut tumanida - 38,5 foizni tashkil etmoqda. Payariqda bu 53 foizni, Oqdaryo tumanida 57,7 foizni, Samarqand shahrida 58,8 foizni, Ishtixon tumanida esa 59,5 foizni tashkil etadi. Aytish joizki, bugun viloyatda jismoniy shaxslarga mol-mulk solig‘idan 115343 ta holatda 18154,34 million so‘m soliq imtiyozi qo‘llanilgan. Qonunchiligimizga ko‘ra, bir nechta mulki bor fuqarolar soliq imtiyozi qo‘llanidigan mulkini ixtiyoriy tanlashi mumkin. Ayni kunlarda aholi o‘rtasida yana bir imtiyoz — xonadonini muqobil elektr energiyasiga ulash orqali 3 yil yer va mol-mulk solig‘ini to‘lashdan ozod bo‘lish tartibi tushuntirilib, targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.

Matbuot anjumanida kadastr hujjati yo‘q xonadonlar uchun uch barobar soliq hisoblash tartibining bekor qilinishi masalasi ham ko‘tarildi. F.Ahmedjonovga ko‘ra, ayni kunda viloyatda mutasaddi idoralar hamkorligida kadastr hujjati yo‘q xonadonlarni xatlash ishlari olib borilmoqda, bugungacha 560 ming ob’yekt xatlovdan o‘tkazilgan. Soliq kodeksiga o‘zgartirish kiritish hamda soliqlarni uch barobar hisoblamaslik masalasi tegishli organlarning xatlov yakunlari bo‘yicha xulosasi asosida amalga oshiriladi.