Samarqandda “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” formati tadbirlari boshlandi
17-18 noyabr kunlari Samarqand shahrida “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” shaklida tashqi ishlar vazirlari uchrashuvi va “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha xalqaro konferensiya o‘tkazilmoqda.
Mazkur tadbirlar doirasida “Buyuk Ipak yo‘li” xalqaro turizm markazida Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyoda barqaror energiyani rivojlantirishga qaratilgan yangi loyihasiga bag‘ishlangan davra suhbati va “Markaziy Osiyo yoshlari ovozi” forumi tashkil etildi.
Mintaqa davlatlaridan energetika bo‘yicha milliy idoralar mas’ullari va ekspertlar hamda YeI vakillari ishtirok etgan davra suhbatida Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan “Markaziy Osiyoda barqaror energiya bog‘liqligi” (SECCA) yangi loyihasi ishga tushirilgani ma’lum qilindi.
Umumiy byudjeti 6,8 million yevro bo‘lgan SECCA loyihasi YeI ilg‘or amaliyotiga muvofiq holda Markaziy Osiyoda yanada barqaror energiya balansini rag‘batlantirishga qaratilgani ta’kidlandi.
Xususan, loyiha barqaror energetika tizimiga o‘tish bo‘yicha milliy siyosatni kuchaytirish, mintaqaga qayta tiklanadigan energiya va energiya samaradorligi bo‘yicha investitsiya jalb etish, salohiyat va xabardorlikni oshirishni nazarda tutadi. Mintaqadagi so‘nggi o‘zgarishlar istiqbolli barqaror energiya bog‘liqligining ijobiy belgilaridan dalolat beradi. Iqtisodiy o‘sish va aholi soni ortishi natijasida elektr energiyasiga talab ham ortishi kutilmoqda. Ushbu talabni qondirish yirik investitsiyalar, bozor islohoti va salohiyatni rivojlantirishni taqozo etadi.
– Ushbu loyiha Yevropa Yashil bitimi va Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi strategiyasiga asoslanadi, – dedi INTPA Bosh direktori o‘rinbosari Mareta Jager xonim. – Bu mintaqada energiya barqarorligini mustahkamlashga hissa qo‘shish, iqlim bo‘yicha maqsadlarga erishish, ish o‘rinlari, biznes uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish uchun quyosh, shamol va gidroelektr energiyasi bo‘yicha mintaqa salohiyatini oshirish kabi maqsadlarni ko‘zlaydi. Ayni payt mintaqaning muhim barqaror energiya salohiyatidan ko‘plab institutsional, moliyaviy, texnik va ijtimoiy to‘siqlar tufayli to‘liq foydalanilmayapti. SECCA loyihasi ushbu to‘siqlarni bartaraf etish, qayta tiklanadigan energiya ishlab chiqarishni ko‘paytirish va mintaqada energiya samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Davra suhbatida loyiha ekspertlari SECCA maqsadlari, rejalashtirilgan tadbirlar va kutilayotgan natijalar haqida so‘z yuritdi. Barqaror energetika sektoridagi hozirgi holat va muammolar hamda Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi hamkorlikning kelgusi istiqboli muhokama qilindi.
YuNISEF, Yevropa ta’lim jamg‘armasi va “Yuksalish” umummilliy harakati hamkorligida tashkil etilgan Markaziy Osiyo yoshlari muloqotida O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston yoshlari vakillari ishtirok etdi.
Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian xonim, “Yuksalish” milliy harakati raisi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Bobur Bekmurodov, YuNISEFning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Afshan Xon va boshqalar mintaqada yoshlar hayoti, ularning orzu-intilishlarini qo‘llab-quvvatlash, maqsad va rejalarini amalga oshirishga ko‘maklashish yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.
– Yoshlar hamma vaqt, har qanday siyosatda hal qiluvchi kuch hisoblanadi, – dedi Sharlotta Adrian xonim. – Ular yangi g‘oya va tashabbuslar manbai, yangi harakatlanuvchi kuch. Biz yoshlarning siyosatda ishtirok etish madaniyatini yuksaltirsak, ularni qo‘llab-quvvatlasak, bundan faqat manfaat ko‘ramiz. Markaziy Osiyoda ham yoshlar imkoniyatidan teng va to‘g‘ri foydalanishni ta’minlashimiz zarur. Bu ularning nafaqat o‘z davlati, balki mintaqa salohiyatidan maksimal darajada foydalanishiga turtki beradi.
YuNISEFning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Afshan Xon xonim yoshlar mintaqada ijtimoiy va iqtisodiy taraqqiyotni jadallashtirishda asosiy hamkor ekanligini ta’kidlar ekan, ularni himoya qilish uchun bunday platformalar juda zarurligini qayd etdi. Ular kelajakning emas, balki bugungi kunning yetakchisi ekanliklarini yaqqol namoyon etmoqdalar.
“Yuksalish” milliy harakati raisi Bobur Bekmurodov bugun O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan yoshlarga oid davlat siyosati haqida so‘z yuritib, Prezident Shavkat Mirziyoyev bu boradagi tashabbuslarni nafaqat mamlakat, balki xalqaro miqyosda ham keng joriy etish g‘oyasini ilgari surib kelayotganini ta’kidladi.
– Markaziy Osiyo yoshlarining ovozini bildirish, tashabbuslarini ilgari surish uchun bugun Samarqandga mintaqadagi besh davlatdan eng faol, intiluvchan, yangi g‘oya va tashabbuslarga boy yigit-qizlar kelgan, – dedi O‘zbekiston volontyorlar assotsiatsiyasi raisi Shirin Obidova. – Har birimiz tinchlik, taraqqiyot va farovonlik tarafdorimiz. Har birimiz o‘z mamlakatimiz va butun mintaqada barqaror rivojlanishni, xalqlarimiz osoyishta hayot kechirishini, zamon bilan hamqadam bo‘lishini istaymiz. Bizning maqsad va g‘oyalarimiz shunga qaratilgan.
Yoshlar muloqotida tashkilotchilar va yoshlar tomonidan Markaziy Osiyo mamlakatlarida yashil iqtisodiyotni rivojlantirish, atrof-muhit va ekologiya musaffoligini ta’minlash, yoshlar ta’lim-tarbiyasi bilan bog‘liq masalalar yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.
G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA