Samarqandda "Fermerlar maktabi"ning keyingi bosqich o‘quvlari boshlandi

"Agrobank" Samarqand viloyat boshqarmasida "Fermerlar maktabi"ning galdagi bosqich o‘quvi boshlandi. Shu munosabat bilan tadbir tashkil etildi.

Unda Qishloq, Suv xo‘jaligi vazirligi vakillari, senatorlar, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi viloyat bo‘limi xodimlari hamda tajribali fermerlar ishtirok etdi.

Qishloq, Suv xo‘jaligi vazirliklari, "Agrobank" ATB, oliy o‘quv yurtlari va ilmiy tadqiqot institutlari, Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligining O‘zbekistondagi vakilligi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ushbu o‘quv kurslari fermerlar uchun juda foydali sanaladi.

- Yildan-yilga oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talab oshmoqda, - deydi "El-yurt hurmati" ordeni sohibi, Narpay tumanidagi "Mehnat-rohat" fermer xo‘jaligi boshlig‘i Zaynab Haydarova. - Bu esa fermerdan oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishda katta mas’uliyat talab qiladi. Endi fermer faqat yerdan mo‘l hosil oladigan dehqon emas, yaratuvchi, xomashyoni qayta ishlovchi, uni chetga eksport qilishga qodir tadbirkor bo‘lishi kerak. Fermerda bunday ko‘nikmalarni shakllantirish va tajriba olishda ushbu o‘quv kurslarining ahamiyati katta.
Bu boradagi birinchi qadamlar "Agrobank"ning "100 kitob" loyihasining amalga oshirilganida va bu kitoblar har bir fermer uchun yaqqol dastur bo‘lgan, desak adashmagan bo‘lamiz.

Ishtirokchilar Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filialida tashkil etilgan "Fermerlar maktabi"da bo‘lishdi va bu yerda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishib, o‘qitish jarayonlari, yangiliklar va bitiruvchilarga berilayotgan imkoniyatlar haqida bilib olishdi.

Samarqand shahrida tashkil etilgan o‘quv kursida Samarqand, Navoiy, Buxoro viloyatlarining agrar tarmoqqa qiziqqan fermer va sohaga qiziquvchilar tanlov asosida tanlab olinib, bepul o‘qitiladi. Unda 18-35 yoshdagi tinglovchilar qabul qilinadi. O‘qish 2 oy bo‘lib, 2 haftalik amaliyot va 1 haftalik biznes-reja tayyorlash qismi ham bor.

O‘quv dasturi qishloq xo‘jaligida hosildorlikni oshirish sirlari, mo‘l hosil olish uchun urug‘ va o‘g‘itlarni tanlash, chorva mollarini parvarishi, samarali biznes-reja tuzish asoslari, yetishtirilgan mahsulotlarni zamonaviy marketing usullari orqali sotish kabi nazariy va amaliy bilimlarni o‘zida jamlagani bilan ahamiyatlidir.

Bitiruvchilar o‘quv jarayonida o‘z biznes-rejasini ishlab chiqadi va ularga maxsus sertifikatlar beriladi. Bitiruvchilarning faoliyati har uch oyda monitoring qilib boriladi. Shu tariqa ularning faoliyati ikki yil davomida nazoratda bo‘ladi.