Samarqandda futbol maktabi ochiladi
Prezidentning 2023 yil 7 apreldagi «Ommaviy va professional futbolni har tomonlama rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi huzurida 2023-2024 yillarda hududlarda 14 ta futbol maktabi tashkil etiladi.
- O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi huzurida futbol maktablarining tashkil etilishi yurtimizda futbolning rivojlanishiga xizmat qiladi, - deydi viloyat yoshlar siyosati va sport boshqarmasi bosh mutaxassisi Shuhrat Karimov. – Shu bilan birga, yoshlarning jismoniy tayyorgarligi, funksional holati, texnik-taktik va psixologik tayyorgarligini oshirish, viloyat va milliy terma jamoalar safiga iqtidorli futbolchilar yetkazib berish hamda legioner futbolchilar tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Qarorga ko‘ra, Samarqandda ham futbol maktabi tashkil etiladi. Futbol mashg‘ulotlarini o‘tkazish uchun malakali trenerlar, o‘quv-tarbiya tizimini tashkil etishning eng yangi usullarini qo‘llagan holda sport zaxirasi va yuqori mahoratli futbolchilar tayyorlash yuzasidan o‘quv-mashq jarayoni yo‘lga qo‘yiladi. Maktab Past Darg‘om tumani Balxiyon mahallasi Samarqand shohko‘chasi 48-uyda joylashadi.
Shuningdek, barcha yosh toifalari bo‘yicha futbol akademiyalari va klublariga mahoratli sportchilarni yetkazib berish, tajriba almashish maqsadida futbol tashkilotlari bilan hamkorlikni rivojlantirish, futbolchilarning sport mahoratini, trenerlar va boshqa mutaxassislarning kasb malakasini oshirib borish yo‘lga qo‘yiladi.
Viloyatda besh yildan buyon futbol akademiyasi faoliyat olib bormoqda. Ayni paytda akademiyada 24 nafar trener-o‘qituvchi qo‘l ostida 150 nafarga yaqin yoshlar shug‘ullanyapti. Yuqoridagi qarorga muvofiq, 2024 yilda mazkur futbol akademiyasiga yengil konstruksiyali, 24x48 o‘lchamdagi sport zali qurish belgilangan.