Samarqandda giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullangan uyushgan guruh qo‘lga olindi

Toyloqlik Sh.M., A.I., R.I., B.K., F.J., urgutlik X.E., A.R., ishtixonlik F.B., O.R.lardan iborat uyushgan jinoiy guruh giyohvandlik vositalarini noqonuniy ravishda mamlakatimiz hududiga kiritish, sotish bilan shug‘ullanganligi aniqlandi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toyloq tumani sudida gumonlanuvchilarning o‘tmishi, turmush tarzi o‘rganib chiqildi. Ularning har biri o‘z qilmishlariga iqror bo‘lib, pushaymon ekanliklarini bildirsa-da, aslida bu yo‘lga qanday sabab bilan kirganliklarini ko‘z oldingizga keltirishingiz qiyin. Masalan, jinoiy guruhning eng faol a’zolaridan bo‘lgan Sh.M. ayni qirq yosh ostonasida katta jinoyat sababchisiga aylandi. Ilgari ham sudlangan Sh.M. tezroq boyib ketish yo‘lini qidirdi. Unga qo‘shni davlatdan giyohvand moddalar keltirib sotish eng daromadli ishdek tuyuldi.

U jinoiy sheriklari bilan avvaldan reja tuzib, 2018 yilning iyun oyida Tojikiston Respublikasining Panjikent tumani, Chimqal’a qishlog‘idagi tanishidan 2800 dollar evaziga giyohvand moddalarni sotib olib, yashirin ravishda mamlakatimiz hududiga olib kirdi. Uning bir qismi – 40 gramini har bir grami uchun 150 ming so‘mdan narx belgilab, jami 6 million so‘mga sudlanuvchi A.I.ga sotadi. A.I. esa giyohvandlik moddasini kelgusida sotib, foyda ko‘rish maqsadida uyiga yashirib qo‘yadi. Bu “operatsiya” ikkovlon ishtirokida o‘ylab topilgan yagona “o‘yin” emas edi.

Afsuski, bu qaltis “o‘yin”ning qamrovi kengayib bordi. Bir nechta hamyurtlarimiz ularga qo‘shilib, jinoyatchi, degan tavqi-la’natga duchor bo‘lishdi. Ularning barchasi qaysi yo‘lga, qanday maqsadda qadam qo‘yganliklarini endi tushunib yetgan bo‘lsalar, ajabmas.

Jinoyatga qo‘l urganlarning ijtimoiy ahvoli, yashash sharoiti bilan tanishar ekansiz, aksariyati to‘kin-sochin hayot kechirganligining guvohi bo‘lasiz. Axir, bugun hech qayerda ishlamasdan shaxsiy mashina, havas qilsa arzigulik uy-joyga ega bo‘lish mumkinmi? Sudning “qora kursi”siga o‘tirgan bu kimsalar biron joyda yolchitib ishlaganligini o‘zlari ham eslay olmasa kerak.

Giyohvand moddalar savdosiga qarshi butun dunyoda bejizga kurash olib borilayotgani yo‘q. Uning bir misqoli ham o‘nlab insonlarning salomatligi va umriga zomin bo‘layotganligi barchaga ayon. Jinoyatchi degan tamg‘ani peshonasiga bosgan 9 nafar hamyurtimiz qanday maqsadda bu yo‘lga kirganligi o‘yga toldiradi kishini.

Quvondiq XALILOV.