Samarqandda giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyatlar kamaydimi?

Narkotik moddalarni nazorat qilish bo‘yicha Samarqand viloyat mintaqaviy komissiyasi yig‘ilishida ana shu savolga javob izlandi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi narkotik moddalar ustidan nazorat qilish bo‘yicha davlat komissiyasi raisi o‘rinbosari - narkotik moddalarni nazorat qilish milliy markazi direktori Olim Narzullayev ishtirok etdi.
Ta’kidlash lozimki, viloyatda 2019 yilning olti oyida 149 ta giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyatlar aniqlangan, 2018 yilning mos davrida esa 213 ta holat qayd etilgan. Joriy yilning 6 oyida esa giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyatlar avvalgi yillardagidan ko‘ra kamaygan.
Ammo giyohvandlikka qarshi kurashishda sustkashlikka aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Shu bois narkotik moddalar savdosi bilan shug‘ullanuvchi «tashkilotchi», «mintaqalararo aloqalarga ega bo‘lgan narkokurer» va «tarqatuvchi»larning jinoiy faoliyatini fosh etish maqsadida qo‘shni viloyatlararo tezkor ma’lumotlar almashuvi yo‘lga qo‘yilgan va hamkorlikda ishlar olib borilmoqda.
Narkotrafikning yo‘lini to‘sish maqsadida viloyatning Urgut, Bulung‘ur tumanlari - Tojikiston Respublikasi bilan chegaradosh hududlarida katta mikdordagi giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasi bilan shug‘ullanuvchi guruhlarni aniqlash borasida tezkor-qidiruv tadbirlari muntazam ravishda amalga oshirilib kelinmoqda.
Qo‘shni davlatlardan kirib kelayotgan va tranzit qilinayotgan narkotik moddalarning oqimini to‘sish maqsadida blok-postlar va muntazam YPX maskanlariga biriktirilgan mutasaddi rahbarlar va xodimlarning mas’uliyati oshirib, narkotik moddalarni qidirib topishga o‘rgatilgan xizmat itlari, maxsus texnik vositalari («Mini Z», endoskop, baster va ekspress-analizatorlar)dan unumli foydalanib kelinmoqda.
Viloyat hududida muntazam ravishda narkotik vositalarni yoki psixotrop moddalarni iste’mol qilib, transport vositalarini boshqarayotgan haydovchilarni aniqlash maqsadida maxsus guruhlar tuzilib, reydlar o‘tkazilmoqda.