Mutolaa: Hammaning rizqi yo‘lda

(Hikoya)
U paytlari men hali maktabga bormagan bola edim. Ammo qishloqdagi bir xonali boshlang‘ich maktabda har kuni darsga xalaqit berib, eshik poylaganlarim, sanashni o‘rganib olganim, keyin Eshmirza muallimning bergan kitoblarini olib kelib, rasmlarini rosa tomosha qilganlarim xotiramda.
Keyingi voqealar ham kechagiday ko‘z o‘ngimda namoyon bo‘ladi. Endi o‘ylasam, bolalikda guvohi bo‘lgan voqea-hodisalar bir umrlik bo‘lib, odamning ongiga o‘rnashib qolarkan. Bugun deng, kommunikatsiya asrida kompyuterni bilmay, shalpayib yurganim-u, biror-bir anjuman bo‘lsa yana boshqalarga gap bermay, chuqur savollar bilan bilag‘onlik qilganim o‘zimni qiynaydi-da. Ha endi, bu ko‘hna dunyoning bag‘ri keng ekan... Biri kam deganlari chinda...
Qishloqda eng chopag‘on bola men, birda Safiya momo ulog‘ining shoxiga paqir ilinib qolsa, uloqni quvib yetib, yechib berguvchi, uyga mehmon kelsa, eshagiga to ketgunicha qorovul, birda qo‘shni qishloqqa begona uloqlarga aralashib ketgan uloqni topib ko‘tarib kelgan sinchi...Buloqqa pildirab borib paqirga suv olib keluvchi...
Opalarim nasib etgan joylariga palaxmon toshiday uchib ketgan. Katta akam uzoq Sirdaryoda - cho‘lda yashaydi, yangi uylangan kichik oila egasi, hali o‘zi bilan o‘zi ovora. Ikkinchi akam Rossiyaning qaysi bir shahrida xizmat qilib qaytgan, ishsiz. Kasbi ham aniq emas. Unga ho‘v-v Qoratov etaklaridan Bardosh cho‘ponning qizini kelin qilishgan. Uchinchi akam “o‘zicha gorodskoy” Toshkentda meditsina institutida o‘qiydi. Qishloqqa kelganida o‘t o‘rib, loy qilgach, har kuni atirini “pis-pis “ qilgani qilgan, qishloq qizlari atir sepmasang ham, o‘zing yaxshi bo‘lsang qarayveradi. Yana qarib, pensiyaga chiqqan shofyor otasidan har ikki-uch oyda kelib, pul olib ketgani-chi? Kiyinishlar “Sovetskiy Nortoy”chasiga. Ha, bachchag‘ar, deyman o‘zimcha, endi, yigit bo‘lib qolgan bo‘lsang, mardikorlik qil, unda-bunda ishla, uyalmay otangdan pul so‘rab, shaharga borib yasan-tusan kiyinib, nuqul rasmga tushganingcha. Bir paytlar dovrug‘idan Oqtov va Qoratov lol qolgan Najmiddin shofyor qariganda bola uylantirsinmi, ularni boqsinmi, to‘y qilsinmi, studenti o‘g‘liga jinsi shim kiydirsinmi?
Xullas, endi Qoratovdan kelinni tushirishga taraddud. Uyda otam ezilib o‘tiribdi. Bir hafta o‘n kunda, to‘yni boshlash kerak. Otamning ko‘ngliga qil sig‘maydi. Damlangan choyni ichmadiyam. Enam non yopish taraddudida deraza oldidan o‘tib qoldi. “Bir paytlar menam kimsan palonchi edim. Endi qo‘lim kalta bo‘lsa, bolta bilan chopib tashlayinmi, qaysi biriga bo‘lay, yig‘lamsirab baqirdi otam, enamni eshitsin deb, uylangan eshakning (akamni aytyapti) qo‘lida kasbi yo‘q. Bu yoshdagi bolalar otasiga qarashyapti, bir ishning etagini tutyapti. Men bu yoshda Kattaqo‘rg‘onda olti oylik o‘qishda o‘qib, texnikani yodlab oldim. Shofyor bo‘lib obro‘ orttirdim. Oila boqdim. Buning bari menga dardisar... Heye”. Otam choy to‘la choynakni derazadan otib yubordi. Choynak chil-chil sindi...
Deraza tuynugidan qaragan enam:” Ha, endi bo‘ldida, boring, shu ikki sigirni sotib keling, mol odam boshiga bitadigan narsa, bir kunlik to‘y o‘tar ketarda, shungayam ota go‘ri qozixona qilmang”, dedi.
Og‘ir jarayon menga ham ta’sir qilgan. O‘sha paytlarda artistlarsiz childirma chalinadigan to‘yning ham o‘zi bo‘lmasligini endi sezganday bo‘ldim. Qir etagidagi ikki xonali shifersiz uyimizdan chiqib, chakalakzordagi buloq tomonga yo‘l oldim. Horg‘in edim. Oqtov etaklaridan ko‘rinib turadigan kenglikda, uzoqdan chiziqqa o‘xshab ko‘rinadigan yo‘lda mashina gurilladi. U paytlar ana shu yuk mashinalaridan boshqa texnika qishloqlarga deyarli kelmas, borida tarillagan mototsikl bo‘lardi, yo‘g‘ida – yo‘q. O‘sha davrning o‘ziga to‘q odamlarida Shtirlitsning moshinasiga o‘xshagan “Moskvich” bo‘lardi, “to‘pillab” yuradigan. Alamangiz turgan, men bolakayga Quvondiq shofyorning “GAZ-51” mashinasi o‘sha paytda Chingiz Aytmatovning “Oq kemasi”day ko‘ringan. Uyda esa bu ahvol. Aslida Quvondiq shofyor begonamas. Ammamizning katta o‘g‘li va otamning shogird jiyani, tog‘aga ergashib shofyorlik kasbini tanlagan. Olis Qizilqumdagi avtobaza haydovchisi.
Ko‘p o‘tmay varanglab yuk mashinasi uyimiz oldiga kelib to‘xtadi. Undan Quvondiq shofyor salobat bilan tushib keldi. Tog‘a-jiyan uzoq gurung qilishdi. Men mashina kabinasiga chiqib “ haydab” o‘tirdim. Enamning noni pishib, oq sho‘rvadan totigach, jiyan Qizilqum safariga otlandi. “E, tog‘a siqilmang, farzandlarning boriga shukr, bir kunlik to‘y nima, ko‘paylashib o‘tkazib yuboramiz, kelin ham tushirib olasiz. Bizning bolalarimiz ham sizning bolalaringizday o‘qimishli bo‘lsin”, dedi jo‘nay turib. Har holda jiyan, quruq kelmagan ekan, dasturxonga ozroq pul qo‘ydi. “To‘y oldida turibsiz, bizdan to‘yona”, dedi ketaturib. Shofyorni kuzatishda otam: “Borlaringga shukr, jiyan. To‘y kuni kutaman. “O‘tamurod”da (Qizilqumdagi ovul nomi) Serik cho‘ponga, Saribelda Olim Egamqulga, Tomdida Aydarbekka salom ayt, omon bor, jiyan”, dedi biroz xo‘rsinib.
Otam ikkovimiz jiyanning mashinasi to Chuya qishlog‘ining tubigacha olis Nurota kengliklariga qadar, singib ketganigacha qarab turdik. Keyin mashina ko‘rinmay ketdi. Universitetni bitirib, jurnalist sifatida Qizilqum cho‘llarini kezib yurganimda O‘tamurod degan ovul borligini, Tomdi bepoyon kenglik ekanligi, dongdor savdogar Olim Egamqul va ko‘plab cho‘pon–cho‘liqlar otamning cho‘llardagi qalin birodarlari ekanligini eshitib bildim.
Ertasiga shanba kuni, tushdan keyin, ikki sigirni uyimizdan, Nog‘ora qishlog‘idan Jo‘sh bozoriga haydab boradigan bo‘ldik. Endi o‘ylasam, ellik kilometrlik yo‘lga yayov yurish osonmas, ammo bolaning kuchi oyog‘ida bo‘ladi, degani rost ekan. Otam eshakda, sigirlarning bo‘ynidan o‘tkazilgan ipni ushlab olgan, men oyog‘imda akamning kalishi (biroz kattaroq), qo‘limda tayoq, orqadan sigirlarni haydab boryapman. Ketishdan oldin enam betimdan bir o‘pdida, “Bolam, otangning yonidan ketma, birov so‘rasa, Najmiddin shofyorning uliman, deb ayt”, deb qoldi. Keyin erining otini aytib qo‘ygani aybligini eslab, og‘zini yopdi. Shu lahzalar barchasi esimda qolgan.
“Charchash qayda deng, qishloqdan chiqmagan bolaga. Qir oshib, adir oralab mashina yurgach, yo‘lga aylangan uzun tekislikka tushib olamiz. Uzoqdan Nurota Qo‘shrabot yo‘lining tekis asfaltlangan trassasi ko‘rinadi. Biz unga yetmay keng dashtdan ketaveramiz. Bora-bora uyimiz ko‘rinmay qoladi. O‘zi to‘rtta uydan iborat qishlog‘imiz ko‘rinmay qolgach, tog‘ etagidagi qator katta-katta qishloqlaru daraxtzorlar, uzoqdan ko‘rinayotgan cho‘qqilar, kengliklaru qirliklar, men, yosh bolaga zavq beradi. Oldinda otam eshakda yo‘l boshlaydi, orqada, ikki jonivor ham indamay ketib boryapti. Egasi undasa mol bechora yurib ketaverar ekan, ertaga u birovniki, boshqa xonadonda rizq yeydi...
Ertaklardagiday “yo‘l yurdik, yo‘l yursak ham mo‘l yurdik”. Men olisdagi tog‘larga bir mahtal bo‘lsam, katta asfalt yo‘ldan o‘tib turgan turli mashinalarga yana bir mahliyo bo‘laman.
Yo‘lda Eski Bog‘ojot qishlog‘ida quduq bo‘yida biroz dam oldik. Otam bugun bardam edi. Endi o‘ylasam, faqat dala-dashtni kezib uyda o‘tirgan shofyor odamga ham qiyin ekan. Hali kuchi bor. Qolaversa, kecha jiyani ruhan dalda berib ketdi. Yana... yo‘ldamiz. Yo‘l ham odamning dardini oladimi, deymanda.
Jo‘sh qishlog‘iga shom qorong‘usida kirib bordik. E, to‘rtta uydan narini ko‘rmagan men bolaga bu katta shaharning ko‘rinishi edi. Uylar tiqilinch, sonsiz va sanoqsiz. Chamasi, oktyabr oylari bo‘lsa kerak, kunlar qisqa davr edi. Otamning jo‘rasi Bosim shofyorning uyi qishloq boshida ekan. Ikki shofyor bir-birini rosa sog‘ingan ekan, quchoqlashib ko‘rishdilar. Ularning hovlisi tor ekan (shaharchilik). Shunday bo‘lsa-da, ikki sigirga joy topildi, molxonaga tig‘iz qilib bog‘lab qo‘ydik. Suhbat qizigandan qizidi. Ular o‘tirgan mashina Konimexdan Shofirkonning cho‘liga Cho‘riq qishlog‘iga bordi, Shofirkondan Vobkentga, Vobkentdan G‘ijduvonning Ko‘kchasiga yurdi, Ko‘kchadan Konimexning Uchto‘besiga, Uchto‘bedan Tomdining Ayaqqudug‘iga, Ayaqquduqdan Uchquduqning Mingbulog‘iga bordi. Har ovulda ularni qozoq va qoraqalpoq birodarlari beshbarmoq va gurtuk bilan siylashdi. Yo‘lda qorlar yomg‘irlar yog‘ib, dovul bo‘ldi. Cho‘ponlar o‘tovida uxlashdi. Qimron, shubat, so‘ng, bo‘za ichishdi, do‘mbira chalinib, o‘lan aytildi. Mashina ertalabgacha Qizilqum cho‘lini kezib chiqdi. Yurdi yuraverdi, toki bu dunyoda insondan ortiq boylik yo‘qligini yo‘llar jim aytib bordilar, insoniylik abadiy va hayot bir zum to‘xtamasligini shamollar uvillab isbotlab turdilar...
Ha, orada otam shuncha ishlab yig‘inmagani-yu, uylantirayotgan o‘g‘lining kasbi yo‘qligidan nolidi. Uyda necha jon, bir student Toshkentda, pensiya o‘lgur nimayam bo‘lishini-yu, hali ham ish topilsa, ishlab ketishidan hasrat to‘kdi. Bosim shofyor ham bo‘sh kelmadi. O‘nta bo‘lsa o‘rni bo‘lak, deb bolani ko‘paytiraveribdi. Ikki qizni chiqargani-yu, ming azob bilan o‘qitgan katta o‘g‘li Toshkentdan bittasini topib shunga uylanish ilinjida aytganini qilmayotganini, ukalariga bosh bo‘lsin deb qilgan harakatlarini bir pulga chiqarayotganini, bir paytlar dongdor odam qo‘li kalta, bugun kuni hasratga qolganini gapirar edi.
Hasratlar eng yuqori nuqtaga chiqqanida men – Najmiddin shofyorning to‘qqizinchi farzandi, kenjasi - og‘zim ochilib xurrak otayotgan, ikki kuyib ketgan otalar, dala-dashtni kezgan keksa shofyorlarning dardini yo‘l yurib horigan ikki jonivorlar eshitib turgan edi...
Ertalab tongda turdik. Men, umrimda birinchi marotaba bozor ko‘rgan bolaga jarayon judayam qiziq edi. Hamma tong otar-otmas bozor tomon shoshadi. U paytlar sanoqli yengil mashinalar bor, aksariyat, gurillagan yuk mashinalari, traktor, mototsikl, qolganlar otda, eshakda... piyoda bozorga otlanadi. Yana otam eshakda ipning uchini ushlab olgan, men yurishga erinayotgan (endi ochiqib ham qolishgan) biri oriq, biri sal to‘qroq qizg‘ish va qora sigirlarni haydayman. Nihoyat, otam eshakni yog‘och stolbaga bog‘lab ustidan xurjunni oldi. Men sigirlarni arqonidan ushlab turdim. Biz ularni haydab devor tubiga kelib to‘xtadik. O‘n chog‘li odam turli yoshdagi buzoqli-buzoqsiz qoramollarni ushlashib turibdi. Keyin, sonimiz ko‘payib ketdi.
Nihoyat tong otdi...Mollarni odamlar obdan tekshirishadi, yoshini, necha marta tuqqani, kasal yoki kasalmasligi, keyin narxi aytiladi. Endi bilsam, ularning ko‘pi dallol ekan. Shuning uchun, ularning aytgan eng arzon narxlari sotuvchilarning ensasini qotirar, ba’zida g‘ashini keltirar edi. Anavi novchani bir dallol juda arzon so‘radi, egasi so‘kinib berdi, “E, yo‘qol, dedi jahl bilan. - Senga sotmayman, oladigan odam o‘zi keladi. Sen nari tur”.
Bizning sigirga ham xaridor arzon aytgan shekilli, otam ularni mahkam ushlab olgan. Tong otgach, bildimki, otam bugun tajang. Demak, kecha uxlamagan, yoki savdoga tobi yo‘q, arang turibdi, majburiy. Mol bozorda oldingda turgan odamga baqirib gapirmasang, eshitmas ekan. Odam ko‘p. Rostdan ham, ertalab meni birov tualetga kirib chiq, demabdi. Siygim qistayapti. Bu dardimni otam eshitdi-yu: “Obbo, ho‘vv devordan oshda, orqasiga o‘tib siyib kel”, dedi. Garangsib turgan bola, devor tirqishiga yetib teshikdan o‘tdim. Endi esa... boshqa dunyoga tushib qoldim. Shunchalik odam ko‘pki, ehhe, mening qishlog‘im odamlaridan o‘n, yuz barobar ko‘p...Bolaga shumlik yarashmas ekan. Yashirinib ko‘rmoqchiydim, bo‘lmadi. Devorga qarab...choptirdim. Yashirib nima qilaman axir. Ammo... hech kim kulmadi. Eh-he, qarang birovning oldida parvarda, yana biri novvot sotayapti, birovining oldida mahsi kalishlar yangisidan. O‘zim sezmay, bozor oralab ketaverdim. He-he, manov boboy Chillaboy boboning o‘ziykana, qarang, manovi usta Haydar tog‘ang, anovi salobatli odam Tovboy bovo. Yana bir joyda turli o‘yinchoqlar sotilayapti, kichkina mashinalar, yana birda ayollarga atlas-u, yana birda yangi chopon. Turli qiyofalar, turli odamlar, turli ovozlar.... Men rostdan gangib qolgan edim. Karaxt va hayajon meni gangitib qo‘ygan edi. Aytmoqchi, otam qayerda qoldi... otam, mol ushlagan otajonim. Chor atrofda begona qiyofalar, men qayerdan bu yerga kelib qoldim. Haligi devor teshigi qayerda? Qo‘rqib va gangib qoldim. Odamlar shovqini to‘xtamas edi. Sarosima va vahima aralash uvvos solib yig‘lay boshladim, yig‘i kuchaydi. Men... chindan ham qo‘rqib qolgan edi. Aslida meni hech kim urgani, qo‘rqitgani yo‘q. Uvvos solib yig‘laganim odamlar e’tiborini tortdi shekilli, oldimga uch to‘rt kishi yig‘ilibdi. Men endi, o‘pkam to‘lib o‘tirib yig‘lay boshladim. Bir payt uzun bo‘yli, bir istarasi isssiq odam qo‘limdan tutgani esimda.
- “E, o‘g‘il bolayam yig‘laydimi, oting nima?”- dedi, haligi odam.
- Yerkin. (Uydagilar meni yoshligimda shunday deyishgan)
- “Begona joyning bolasida, kim bilan kelgan bo‘lsa bozorga?”-dedi haligi odam yana.
- “Otamman”, - dedim men battar o‘pkam to‘lib.
Otangni oti kim?
- Najmiddin shofyor!
- E, Najmiddin shofyor de, qayerda otang?
- Sigir sotyapti.
O‘sha odam meni qo‘limdan tutib, mol bozor tomonga olib ketdi. Orqamdan xotin- xalajlar kulib qolishdi.
Suyun bug‘oltir otam bir paytlar ishlagan garaj boshlig‘ining o‘g‘li ekan. Ular quchoqlashib ko‘rishishdi. Juda qadrdon ekan. Meni choptirishga chiqib, adashib ketganimu, otamning xavotir olgani, yana molni so‘ragan odamni gaplashdilar. Haytovur, otamning Jo‘shda obro‘yi bor ekan, Suyun bug‘oltir, o‘zi bosh bo‘lib oladigan odam aytganidan ancha ko‘tarib sotib berdi. Xayrlashar chog‘, otam to‘y tashvishida ekanini aytdi, Suyun bug‘oltirni taklif qildi, kichkina o‘g‘lini topib bergani uchun rahmat aytarkan, bir kun kelib kuni ana shu zumrashaga qolishini ham uqtirdi. (Ammo. Bu - baxt menga nasib qilmadi).
Endi bozorga ko‘nikkan edim. Otam oldimda, xurjunga parvarda-yu, qand-qurs, Kattaqo‘rg‘on novvoti, hatto boboylar uyga yig‘ilganda nos tupiradigan dastcho‘ygacha, mayda-chuyda oldik. Otamning shofyor jo‘ralari kelganda, ichishganini ko‘rganman, oq butilkada bir dona aroq olib bozordan chiqdik . Uncha ko‘p yurmadik, yana kechagi hovli. Eshik oldida hali kuchi ketmagan qozoq bashara Bosim shofyor kutib turardi. Men holvaga ovunaman, keyin... taassurotlarim ko‘z o‘ngimdan ketmaydi. Ikkala shofyor qadrdonlar qaynatma sho‘rvadan ichib, har zamonda piyolani cho‘qishtirib, gazak olishadi. Men boshqa dunyodaman. Ko‘rganlarim ro‘yomi, hali bilolmay ovoraman. Bugun ikki shofyor mamnun, biri do‘sti izlab kelganidan xursand bo‘lsa, biri ishlagan davrlarida yaxshi nom qoldirgani bois, Suyun bug‘oltirning yordamidan ko‘ngli choq, yana bir taskin shuki, qo‘rqib turgan to‘y tashvishi ham hech narsa emas ...Odamni odam izlaydi, odamga odam panoh bo‘ladi, odamga odam madadkor. Aytganingni qilmasayam, farzandning bori yaxshi...Otasining aytganiga ko‘nmay sevganiga uylanmoqchi bo‘layotgan o‘g‘il ham yaxshi. Odam bo‘lib ketsa bo‘ldida, Otasining yoqasidan olmaydi-ku, axir? Qayerda bo‘lsa omon bo‘lsin, topgani bilan qo‘sha qarisin...
Oqtovning bir chekkasida Najmiddin shofyorning uylangan o‘g‘li ketmon urib loy qoriyapti. Uyni to‘yga tayyorlash kerak...
Katta shaharda Bosim shofyorning o‘g‘li sevgilisini gul bilan kutyapti. Hali qishlog‘iga shahardan bir kelin olib borsinki, hamma qishlog‘imizga o‘qituvchi kelin kelibdi, deb havas qilsin...
Nihoyat, kun tushga yaqinlagach, mehmondorchilik tugab, qaytadigan bo‘ldik. Ikki do‘st xursand xayrlashdilar. Men eshakda otamning etagidan ushlab mingashib olganman. Bugun yo‘l azobi hech bilinmas, otam ham xursand, men esa hali ko‘rgan taassurotlarim og‘ushida mast edim. Nihoyat, tog‘ etaklaridan qishlog‘imiz ko‘ringach, otam gap otdi:” Uxlab qolma bolam, uyga burilamiz. Yo‘lga qarab ketyapsanmi, qara. Hali sen ham katta bo‘lgach, shu yo‘ldan shaharga o‘qishga borasan, hammaning rizqi yo‘lda bolam.”
Men og‘zimda parvarda, katta hayajonlardan sarmast, ketib borar edim. Hov narida uzunqator mashinalar janubdan sharqqa, sharqdan janubga tomon tinimsiz o‘tib turar edi.
O‘ljaboy QARShIBOY.
Toshkent – Nurota – Toshkent.