Xalqimiz qiz farzandga har doim or-nomus, hayo timsoli sifatida qarashgan

Bugun ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan “I said yes” iborasi ostida qizlar tomonidan joylanayotgan postlar beixtiyor e’tiborimizni tortmoqda.

Ushbu mazmunda post qo‘yganlarning maqsadi - unga turmush qurish taklifi qilinganini va u bu taklifga rozilik berganini bildiradi.
Endi savol tug‘iladi: o‘zbek qizining ijtimoiy tarmoqda “I said yes” deya post qo‘yishi odob va hayo mezonlariga qanchalik to‘g‘ri keladi?

Xalqimiz qiz farzandga har doim or-nomus, hayo va tarbiyaning timsoli sifatida qarashgan. Qiz bola bu nafaqat oila, balki jamiyat sha’nining bir parchasidir. Uning har bir qadamida bosiqlik, muloyimlik, kamtarlik sezilishi kerak. Ayniqsa, turmush qurish kabi nozik, ma’naviy yondashuvni talab qiladigan holatlar borasida qiz bolaning ortiqcha ochiqligi jamiyatda munosabatlar madaniyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Unashtiruv, turmush qurish haqida xabar berish avvalambor ota-ona, oilaviy doira orqali, ya’ni bosiq hamda kamtarona tarzda bildirilgandagina odobga to‘g‘ri keladi va bu qadimiy urfimizda ham, bugungi odob-axloq mezonlarida ham bor. Bugun yoshlar orasida nikohsiz, rasmiy bo‘lmagan munosabatlarni “yangi urf” sifatida targ‘ib qilayotganlar ham borki, ularning ijtimoiy tarmoqlardagi ochiq harakatlari — nafaqat o‘z sha’nini, balki ota-onasining, jamiyatning ishonchini ham savol ostida qoldiradi. Yigitining bag‘rida suratga tushgan, hali jufti haloli bo‘lmagan inson bilan yaqinlikni odatiy hol deb qabul qilayotgan qizning iffatiga, tarbiyasiga kim kafolat beradi? Ota-onalar farzandining qorniga luqma solishdan avval, uning qalbiga iymon, ongiga tarbiya singdirish zarurligini ham yana bir bor yodda tutishi lozim.

Axir hanuzgacha qizlar nikoh payti so‘raladigan, “Falonchining turmush o‘rtog‘i bo‘lishga rozimisiz?” savoliga juda past ovozda “ha” deb javob beriladiku. Nega endi hali to‘y boshlanmasidanoq ijtimoiy tarmoqlada “Men roziman!!!” deya jar solishga uyalmay qo‘ydik?!

Bu kabi holatlarga ko‘pchilik ko‘z yumadi, lekin haqiqat shuki — qiz bola nafaqat o‘zining, balki butun bir avlodning axloqiy bahosini belgilaydi. Bugun jamiyat og‘ushida ulg‘ayayotgan har bir qiz bolaning or-nomusi, iymoni va g‘ururi — bizga namuna bo‘lishi kerak. Turmush qurish bu baxt, lekin uni qanday bayon qilish, endi, bu madaniyat masalasi. Biz, qizlar, avvalo o‘z sha’nimizni asrash, keyin esa jamiyat sha’nini yuksaltirish uchun javobgarmiz.

Dildora Samandarova,
O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika instituti talabasi.