Samarqandda harbiy xizmatchilarga yangi xonadonlar kaliti topshirildi

Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Oybek Saidov Navro‘z umumxalq bayrami arfasida Samarqand shahri Qorasuv massivida qurib bitkazilgan zamonaviy 5 qavatli uylarning kalitlarini o‘z egalariga topshirdi.

Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti O‘zAga xabar berdi.

Zamonaviy va shinam uylar 2 va 3 xonadan iborat. Endilikda u yerda 45 nafar harbiy xizmatchi va ularning oila a’zolari istiqomat qiladi.  

Tantanali ochilish marosimida okrug qo‘mondoni, viloyat hokimligi vakillari, pudratchi va quruvchilar, xonadon egalari va yaqinlari ishtirok etdi.

Unda so‘z olganlar xonadon egalarini ayyom arafasidagi qo‘shaloq xursandchilik bilan muborakbod etib, quruvchilarga minnatdorlik bildirdi.  

Shuningdek, shu kunning o‘zida Samarqand garnizonidagi harbiy qismda 620 o‘rinli Madaniyat markazi okrug qo‘mondonligi va viloyat hokimligi vakillari ishtirokida foydalanishga topshirildi.