Samarqandda haydovchi va piyodalar uchun «xavfsizlik orolchalari» yaratilmoqda
Telegram kanalimiz o‘quvchilari shu kunlarda Samarqand shahrining Mirzo Ulug‘bek, Buyuk ipak yo‘li, Beruniy hamda Spitamen shoh ko‘chalari chorrahasida o‘ziga xos yo‘l qurilishi bo‘layotgani, buning oqibatida transport harakatida tushunmovchiliklar kelib chiqayotgani haqida murojaat yo‘llashdi.
Bu holatga aniqlik kiritish maqsadida muxbirimiz ushbu manzilda bo‘ldi.
- Yo‘llarda vujudga kelayotgan tirbandliklarni faqatgina yo‘llarni kengaytirish, yangi yo‘l o‘tkazgichlarini qurish evaziga hal qilib bo‘lmaydi, - deydi viloyat IIB YHXB maxsus ekspluatatsiya-montaj bo‘limi boshlig‘i Ahmad Jo‘rayev. - Hozirgi paytda asosiy e’tiborni jamoat transporti harakatlanishi ustuvorligiga qaratish, uning jozibadorligini oshirish, barcha uchun qulay va xavfsiz manzilga yetib olish imkoniyatini yaratadigan, shaxsiy transportdan ko‘ra jamoat transporti afzalligini ta’minlash talab etiladi.
Ayni paytda ushbu chorrahada amalga oshirilayotgan yo‘l qurilishi, "xavfsizlik orolchasi" yaratish, qo‘shimcha svetofor o‘rnatish va piyodalar yo‘lagi uchun "zebra"lar chizish ishlari kelgusida yo‘l harakati va piyodalar xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi. Muhimi, avtoulovlar tirbandligining oldini oladi.
Baxtiyor Mustanov.