Samarqandda “Hududning 100 nafar ixtirochi ayoli” tanlovi o‘tkazildi
Samarqand iqtisodiyot va servis institutida xotin-qizlar o‘rtasida “Hududning 100 nafar ixtirochi ayoli” tanlovi o‘tkazildi. Unda viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari o‘qituvchi, doktorant, magistr, talaba xotin-qizlari qatnashdi.
Tadbirda har bir xotin-qizga so‘z berildi, ular o‘z ilmiy ishi mazmunini ishtirokchilarga tushuntirib berdi. Masalan, SamDU agrobiotexnogiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi instituti doktorantlari Munisa Abdusalomova gidroponika usulida ozuqalar yetishtirish mavzusida, Munira Kubayeva loviyaning tuproqdagi azot va gumus holatiga ta’siri borasida olib borayotgan ilmiy tadqiqotlarini aytib berdi.
Shuningdek, tadbir ishtirokchilari olima xotin-qizlar tomonidan hunarmandlarning mahsulotini sotishga ko‘maklashish dasturi, autizmga uchragan bolalar uchun dastur, dorivor moychechak, grek yong‘og‘i, soya o‘simligini mahalliy yerlarda yetishtirishni ommalashtirish kabi mavzularda ilmiy ishlar olib borilayotgani bilan tanishdi.
Bundan tashqari, tilshunos olimalar ko‘makchi va yuklamalar haqida, anagramma haqida dasturlar tayyorlayotganini ma’lum qildi.
Tadbir so‘nggida hududning faol, ixtirochi, olima ayollari turli nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlandi.