Samarqandda ikki ishchini tuproq bosib qoldi, biri vafot etgan

Kecha, 30 noyabr kuni soat 17:30 atrofida Samarqand shahrining Ro‘dakiy va Bo‘stonsaroy ko‘chalari chorrahasida kommunikatsiya quvuri o‘tkazish ishlari olib borilayotgan vaqtda tuproq massasi ko‘chib tushishi oqibatida ikki kishi tuproq ostida qoldi.

Bu haqda Samarqand shahar hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

Samarqand viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi bergan ma’lumotga ko‘ra, «Staplast» mas’uliyati cheklangan jamiyati ishchisi, 1997 yilda tug‘ilgan M.Tursunqulov jiddiy tan jarohati olgan va tez tibbiy yordam xizmati orqali Respublik shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Samarqand filialiga joylashtirilgan. 1981 yilda tug‘ilgan U.Rustamov esa voqea joyida vafot etgan.