Samarqandda invitro usulida sifatli kartoshka urug‘lari yetishtiriladi
Janubiy Koreya Respublikasi Qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat va qishloq hududlarini rivojlantirish vazirligi (MAFRA), Koreya qishloq hududlarni rivojlantirish korporatsiyasi (KRC) bilan hamkorlikda O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filiali o‘rtasida to‘rt tomonlama shartnoma imzolandi.
Shartnomada Koreyalik hamkorlar bilan birgalikda “O‘zbekistonda kartoshka ishlab chiqarishni ko‘paytirish va urug‘lik ishlab chiqarish tizimini rivojlantirishda salohiyatni oshirish” loyihasini amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Ushbu shartnoma 5 yil muddatga amal qilib, Janubiy Koreya hukumati tomonidan 5,5 mln. AQSh dollari (5.5 mlrd. Koreya voni) miqdorida moliyalashtiriladi.
- Loyihaga ko‘ra, Koreyadan mutaxassislar jalb etilib, filialimizda sifatli kartoshka urug‘larini yetishtirish uchun invitro laboratoriyasi tashkil qilinadi, - dedi filial direktori Shavkat Hasanov. - Shuningdek, filial tadqiqotchilari Koreyada malaka oshirib, bu boradagi bilimlarini mustahkamlaydi. Sifatli kartoshka urug‘ini yetishtirish ishlari zamonaviy Koreya texnologiyasi asosida amalga oshiriladi.
Delegatsiya tarkibida Qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat va qishloq hududlarini rivojlantirish vazirligining xalqaro hamkorlik boshqarmasi direktori Mun Kyun Dak hamda Koreya qishloq hududlarni rivojlantirish korporatsiyasi loyihalarni boshqarish bo‘yicha bosh menejer Choy Min Yonglar loyihani amalga oshirishga tegishli hududlar bilan yaqindan tanishib chiqib, loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirish bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirishdi.
Sifatli kartoshka yetishtirish loyihasi 2023-2027 yillarga mo‘ljallangan, ishlar esa oktyabr oyidan boshlanadi.