Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqandda “Ixtirochi ayollar – 2022” forumi boshlandi

Bugun Samarqand iqtisodiyot va servis institutida “Ixtirochi ayollar – 2022” forumi boshlandi. Unda olima, tadbirkor, ishbilarmon, oliy ta’lim muassasalari doktorant va magistrlari qatnashdi.

“Hududning 100 nafar ixtirochi ayoli” haftaligi doirasida tashkil etilgan ushbu tadbir respublikamizning barcha hududlarida o‘tkazilmoqda. Maqsad ixtirochi ayollarning ilmiy-tadqiqot ishlari bilan tanishish, ilmiy loyihalari ma’qul bo‘lgan ixtirochi ayollarni qo‘llab-quvvatlashdan iborat.

Bugun viloyatda professor-o‘qituvchi ayollar 1269 nafarni tashkil etadi. Ularning asosiysi SamDU, SamDTU, SamDChTI o‘qituvchilaridir. Shuningdek, viloyat bo‘yicha jami fan doktorlari 252 nafar bo‘lsa, shundan ayollar ulushi 13,5 foizni, fan nomzodlari 1007 nafar bo‘lsa, ayollar ulushi 26,6 foizni tashkil etadi. 

2021 yilda Samarqand davlat tibbiyot universitetida 24 nafar, Samarqand davlat chet tillar institutida 8 nafar olima PhD bo‘yicha dissertatsiya himoya qilgan. Ammo viloyatdagi boshqa oliy ta’lim muassasalarida ushbu ko‘rsatkich juda past. 

Tadbir avvalida Samarqand iqtisodiyot va servis institutining ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Dilbar Aslanova ayollarning umumiy ilmiy darajasi ulushining pastligi va olimalar o‘rtasida o‘rtacha yoshning yuqoriligini tanqid qildi. Shundan so‘ng tadbirkor va olima ayollarning ma’ruzalari tinglandi.

“Ixtirochi ayollar – 2022” forumi uch kun SamISIda, so‘ngra SamDU va SamDTUda bo‘lib o‘tadi. Forum so‘nggida loyihalari munosib deb topilgan olimalar taqdirlanadi.

***

Eslatib o‘tamiz, sal avvalroq, Tanzila Norboyeva xotin-qizlar bilan olib borilayotgan ishlarni tanqid qilib, “Olima ayollar” tuzilmasi hali tashkil etilmaganini aytgandi.