Samarqandda jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar qancha odamga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlagan?
Ayni paytda viloyat Matbuot uyida viloyatdagi sudlar rahbarlari ishtirokida brifing bo‘lib o‘tmoqda.
Unda jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudi raisi O.Hayitov viloyatda sodir etilgan jinoyatlar haqida ma’lumot berdi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudlarining 2020 yil birinchi yarim yilligida viloyat, tuman va shahar sudlari tomonidan 1870 nafar shaxsga nisbatan 1518 ta jinoyat ishlari ko‘rib tamomlangan.
Shu davrda sudlangan 1365 nafar shaxslarning 320 nafariga ozodlikdan mahrum qilish, 503 nafariga ozodlikni cheklash, 25 nafariga majburiy jamoat ishlari, 388 nafariga axloq tuzatish ishlari, 114 nafariga jarima, 15 nafariga shartli hukm tayinlangan.
Bundan tashqari, 433 nafar shaxsga nisbatan 405 jinoyat ishlari tugatilgan. Taraflarning yarashganligi munosabati bilan 392 tasi tugatilgan, natijada 413 nafar shaxs jinoiy javobgarlikdan ozod qilingan.
Sudda jamoat himoyachisi sifatida ishtirok etgan mahalla fuqarolar yig‘inlari kafilligi asosida 101 nafar shaxsga, yoshlar ittifoqi kafilligi asosida 19 nafar shaxsga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlangan.
Viloyat sudlarining barcha instansiyalarida 8 ta jinoyat ishi bo‘yicha 8 nafar shaxs oqlangan.
Shu bilan birga, tahlil qilinayotgan davrda viloyat sudlariga 349 nafar shaxsga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash haqida iltimosnomalar kelib tushgan. Iltimosnomalarning 347 tasi qanoatlantirilgan, 2 tasi rad qilingan.
Qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish jinoyatlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan Samarqand shahri va Narpay tumanlarida 7 ta, Kattaqo‘rg‘on shahar va Jomboy tumanlarida 5 tadan, Oqdaryo va Kattaqo‘rg‘on tumanlarida 4 ta, Toyloq va Past Darg‘om tumanlarida 3 tadan, Paxtachi tumanida 2 ta, Qo‘shrabot tumanida 1 ta ko‘p sodir etilgan.
Giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilish jinoyati Kattaqo‘rg‘on shahrida 7 ta, Toyloq tumanida 6 ta, Ishtixon va Samarqand tumanlarida 4 ta, Jomboy tumanida 3 ta, Kattaqo‘rg‘on tumanida 2 ta, Paxtachi va Past Darg‘om tumanida 2 taga ko‘paygan.
Yoqubjon MARQAYeV.