Samarqandda kecha 4777 nafar saylovchi muddatidan oldin ovoz berdi
Viloyat hududiy saylov komissiyasi matbuot markazida navbatdagi matbuot anjumani o‘tkazildi.
Viloyatdagi ommaviy axborot vositalari vakillari, hududiy saylov komissiyalari a’zolari ishtirok etgan tadbirda 27 oktyabr kuni o‘tkaziladigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari sayloviga tayyorgarlik jarayonlari haqida ma’lumot berildi.
– Komissiya o‘z vakolati doirasida viloyat hududida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazishni tashkil etish bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirib bormoqda, – dedi viloyat hududiy saylov komissiyasi raisi Xo‘jaqul Muhammadiyev. – Saylovning asosiy jarayoni, ya’ni ovoz berish saylov uchastkalarida amalga oshiriladi. Bugungi kunda viloyatda tuzilgan 1130 ta saylov uchastkasi komissiyalar faoliyatini amaldagi tartib-qoidalarga muvofiq amalga oshirishlari uchun hamda ovoz beruvchilarga qulay shart-sharoitlar yaratilgan. Uchastkalarda nomzodlarga oid ma’lumotlar, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan namunadagi ovoz berish byulleteni va uni to‘ldirish tartibi joylashtirilgan. Shuningdek, saylovlar sanasiga bag‘ishlangan plakatlar, saylov uchastkasining xaritasi, uchastka komissiyasi a’zolarining tarkibi, ish rejasi, navbatchilik jadvali, fuqarolar murojaati uchun Markaziy saylov komissiyasining ishonch telefoni yoki elektron manzili, okrug komissiyasi, tegishli tuman (shahar) sudi va prokuraturasi telefon raqamlari aks ettirilgan ma’lumotlar ham qo‘yilgan.
Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovida ishtirok etayotgan siyosiy partiyalarning saylovoldi dasturlari hamda deputatlikka nomzodlarning tarjimai holi va saylovoldi dasturlari belgilangan tartibda viloyatdagi 1130 ta saylov uchastkalarining barchasiga yetkazildi. Dasturlar saylov uchastkalari va hududdagi aholi gavjum joylariga belgilangan tartibda joylashtirilgan.
Saylov kodeksiga ko‘ra, saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchi muddatidan oldin ovoz berish huquqiga ega. Bu jarayon kecha, 16 oktyabrdan boshlandi va dastlabki kunda viloyat bo‘yicha 4777 nafar saylovchi muddatidan oldin ovoz berdi.
Markaziy saylov komissiyasi tomonidan yuborilgan Qonunchilik palatasi saylovi bo‘yicha ikki turdagi, ya’ni bir mandatli saylov okruglari va yagona saylov okrugi bo‘yicha hamda xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari saylovi bo‘yicha muddatidan oldin ovoz berish uchun saylovchilar umumiy sonining 10 foizi miqdordagi saylov byulletenlari uchastka saylov komissiyalariga yetkazib berilgan.
Bugungi kunda saylov uchastkalarida SJBATdan saylovchilar ro‘yxatlari olinib, barcha tanishib chiqishi uchun stendlarga ilib qo‘yilgan.
Matbuot anjumanida qayd etilishicha, shu paytgacha viloyatdagi ommaviy axborot vositalarining 65 xodimi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan akkreditatsiyadan o‘tkazilgan.
Samarqand viloyati hududiy saylov komissiyasi matbuot markazi.