Samarqandda kimyo va biologiyaga ixtisoslashgan 8 ta tayanch maktab tashkil etiladi

2021 yil 16 martda Samarqand viloyati hokimining “Umumta’lim maktablari negizida kimyo va biologiya fanlari chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan tayanch maktablarni tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, Bulung‘ur tumanidagi 22, Ishtixondagi 51, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 56, Qo‘shrabotdagi 34, Oqdaryodagi 45, Samarqand tumanidagi 33, Toyloqdagi 30 va Samarqand shahridagi 14-umumiy o‘rta ta’lim maktablari negizida 2021 yil 1 sentyabrdan kimyo va biologiya fanlarini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan tayanch maktablar tashkil etish belgilandi. 

O‘quvchilarni o‘qitish va bilimlarini baholashning zamonaviy uslublarini joriy qilish, shu jumladan, raqamli o‘quv vositalari va masofaviy ta’lim shaklini keng qo‘llash, shuningdek, ta’lim jarayonini umumiy kasb mahoratini shakllantirishga yo‘nalishtirish, o‘quv dasturlarning raqamli iqtisodiyot talablariga moslashishini ta’minlash va bu borada ta’lim hamda ilmiy-tadqiqot muassasalari, davlat idoralari va tarmoq korxonalari bilan hamkorlikni rivojlantirish tayanch maktablarning asosiy vazifalari hisoblanadi.

Yangi maktablarga o‘quvchilar 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab belgilangan tartibda ixtisoslashtirilgan sinflarga qabul qilinadi. Shuningdek, mazkur muassasalarga yuqori malakali pedagog kadrlar ishga olinadi.