Samarqandda ko‘p qavatli uy derazasidan tushmoqchi bo‘lgan bolakayga nima bo‘ldi?
Samarqand shahrining Mirzo Ulug‘bek ko‘chasida joylashgan ko‘p qavatli uylarning birida yashovchi K.N. kichik farzandlarini uyda yolg‘iz qoldirib, yumushlari bilan ko‘chaga chiqib ketgan. Bu vaqtda 4 yoshli bolakay ko‘chaga deraza orqali chiqishga harakat qilgan. Holatni shu yerdagi do‘kon egalari hamda ko‘chadan o‘tayotgan fuqarolar ko‘rib qolib, bolakayni derazadan olib, onasiga sog‘-salomat topshirgan.
Samarqand viloyati IIB xodimlari K.N.ning yashash uyiga borib, kelgusida bu kabi holatlarga yo‘l qo‘ymaslik, farzandlariga e’tiborli bo‘lish borasida profilaktik suhbat o‘tkazgan.
Shu o‘rinda, Samarqand viloyati ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati ko‘p qavatli uylarda yashovchi ota-onalarga murojaat qiladi:
Farzandingizning deraza tokchasiga chiqib o‘ynashiga yo‘l qo‘ymang!
Ko‘p qavatli uylarning derazalarini ochiq qoldirmang!
Derazaga panjara o‘rnatish tavsiya etiladi!