Samarqandda Koreya texnologiya va madaniyat kolleji ochiladi

Samarqand xalqaro texnologiya universiteti delegatsiyasining Janubiy Koreyaga amaliy safari samarali bo‘ldi. Universitet rektori Yusuf Abdullayev Janubiy Koreyaning qator yetakchi ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlik to‘g‘risida memorandumlar imzoladi.

Shuningdek, yaqin kunlar ichida Koreya Ilg‘or ilm-fan va texnologiyalar instituti bilan ham hamkorlik bitimi tuzishga kelishib olindi.

Ushbu memorandumlar asosida Samarqand xalqaro texnologiya universitetida texnologik injiniring, “yashil” energetika, axborot-texnologiyalari, koreys tili yo‘nalishlarida Janubiy koreyalik hamkorlar bilan yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.

Bundan tashqari, Samarqand xalqaro texnologiya universiteti qoshida Koreya texnologiya va madaniyat kollejini ochishga kelishib olindi. 2023 yilning yanvarida faoliyat boshlaydigan mazkur kollejda “yashil” energetika (qayta tiklanuvchi energiya), axborot-texnologiyalari dasturchilarini tayyorlash, dizayn (sanoat, iqtisodiyot, qurilish dizaynerligi) va koreys tili bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi.

Osiyo madaniyati va taraqqiyoti instituti ushbu kollejni malakali o‘qituvchilar bilan ta’minlash vazifasini o‘z zimmasiga oladi. Ipak yo‘li universitetlar tarmog‘i direktori Xvang Sung Don esa ushbu kollejga rahbarlik qiladi.

Tomonlar, shuningdek, hamkorlikda zamonaviy talablarga javob beradigan qo‘shma o‘quv dasturlarini ishlab chiqish, universitetlar o‘qituvchi va professorlarining o‘zaro malaka oshirishi hamda talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, o‘qitish materiallari, tadqiqot loyihalari, maqolalar hamda kutubxonadagi resurslardan foydalanish, birgalikda mahorat darslari tashkil etishni ham amalga oshiradi.

Mazkur ta’lim muassasi 2023 yilning yanvaridan 250 nafar talabani o‘qishga qabul qiladi va ular neft-gaz muhandisligi, kimyoviy muhandislik, konchilik ishi, geologiya va geologiya muhandisligi yo‘nalishlarida ta’lim oladi.

Ta’lim maskanida Amerika, Yevropa, Osiyo, Avstraliya va Afrikadagi yetakchi ta’lim va ilmiy-texnika markazlarida faoliyat olib borayotgan yetakchi o‘qituvchilar va mutaxassislar, jumladan, xorijiy mamlakatlarda faoliyat olib borayotgan vatandosh mutaxassislar ham ishga taklif etilgan.

Ayni paytda universitet kampusini barpo etish uchun Samarqand shahrida Zarafshon daryosi yaqinidan umumiy maydoni 6 gektarlik yer maydoni ajratilgan. Kelgusi o‘quv yiligacha bu yerda 1000 o‘rinli 5 qavatli o‘quv binosi, talabalar turar joyi, laboratoriya, sport zali, kutubxona, xorijiy o‘qituvchilar uchun turar-joy binosi va boshqa inshootlardan iborat bo‘lgan zamonaviy korpus bunyod etiladi.

- Ishonchli hamkorlarga ega bo‘lish - universitet va talabalar kelajagi uchun muhim vazifa, – deydi Yusuf Abdullayev. – Shu bois faoliyatimizning dastlabki chog‘laridan ham oliy ta’lim, ham kasbiy faoliyat borasida xorijdagi yetakchi oliy o‘quv yurtlari va ilmiy muassasalar bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishga e’tibor qaratdik. Bu borada Janubiy Koreya tajribasi biz uchun nihoyatda muhim.

Asila IBRAGIMOVA.