Samarqandda koronavirusni aniqlash uchun test zaxirasi yetarli

Samarqand viloyatida koronavirusga qarshi kurashish maqsadida aholini test tahlili orqali tekshirish ishlari asosan viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi mutaxassislari tomonidan amalga oshirilmoqda. Kasallika qarshi test tahlillari bugungacha viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi hamda OITSga qarshi kurashish dispanseri loboratoriyalarida tekshirilgan bo‘lsa, endi ular qatoriga Samarqand shahridagi «Parizoda medikal servis» xususiy tibbiyot markazi ham qo‘shildi.

- Keyingi vaqtlarda fuqarolarimizdan koronavirus infeksiyasiga qarshi tekshiruvdan o‘tkazishni so‘rab qilinayotgan murojaatlar soni oshib bormoqda, – deydi viloyat sanitariya-epidemologik osoyishtalik markazi bosh vrachi A.Bahromov. – Hozirgacha viloyat bo‘yicha 102 mingdan ziyod tahlillar tekshirilib, ular orasidan virus borligiga gumonlangan 689 tahlil ajratib olindi. Qayta tekshiruvlardan so‘ng esa 625 tahlilda musbat ko‘rsatkich aniqlanib, bemorlar shifoxonalarga davolanish uchun yotqizildi. Ayni paytda markazning virusologiya laboratoriyasida 11 turdagi gripp va o‘tkir respirator virusli infeksiyalardan tashqari tibbiy ko‘rsatmalarga amal qilgan holda koronavirus bo‘yicha ham tekshiruv olib borilyapti. Shu paytgacha asosan xorijdan kelganiga 14 kun muddat o‘tmagan, isitma va boshqa kasallik belgilari kuzatilgan shaxslarning tahlillari tekshirilardi. Endilikda shahar va tumanlardagi markazlarga murojaat qilgan klinik va epidemiologik ko‘rsatmalarga ko‘ra, koronavirus belgilari aniqlangan fuqarolardan olingan surtmalar ham tahlil qilinmoqda.

Viloyatning barcha tuman va shaharlarida joylashgan sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlariga murojaat qilgan har bir fuqarodan olingan surtmalar zudlik bilan klinik laboratoriyaga yetkazib kelinmoqda. Shuningdek, har bir tumanda tarkibida bittadan vrach infeksionist, epidemiolog va umumiy amaliyot shifokoridan iborat mobil guruhlar tashkil etilgan. Shifokorlar kasallikka gumon qilingan fuqarolarning xonadonlariga borib, tibbiy ko‘rik o‘tkazishadi. Bemor aniqlanganda va gumon qilinganda zudlik bilan shifoxonaga olib borish, u bilan muloqot qilganlarning esa karantinga olinishini ta’minlab beradi.

Respublika maxsus komissiyasining qaroriga ko‘ra, bemorlar bilan muloqotga kirishgan fuqarolar endi 14 kun emas, 10 kun davomida karatinga olinadi. Viloyatdagi «Ustoz» hamda «Marvarid» dam olish sihatgohlari karantin markazlariga aylantirildi. Ularda fuqarolar uchun yetarli shart-sharoitlar yaratilgan. Muntazam ravishda tibbiy ko‘rikdan o‘tib, shifokorlar nazoratida bo‘ladi.

- Laboratoriyamizda kuniga 1800-2000 tagacha test tahlillari tekshiriladi, - deydi viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi bosh vrachi o‘rinbosari Zoir Mo‘minov. - Bundan ham ko‘proq tekshirishga esa texnik imkoniyatimiz yetmaydi. Chunki shu paytgacha ishlatib kelingan uchta, bir vaqtda 36 ta tahlilni tekshiradigan polimeraz zanjir reaksiyasi uskunasining bittasi texnik nosoz. Shu sababli Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi 96 talik, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi esa bitta 36 talik polimeraz zanjir reaksiyasi uskunasini ajratib beradigan bo‘ldi.

Hozirda viloyatda 17,778 ta test zaxirasi bor. Bu kamida 18-20 kunga yetadi. Ularning 6500 tasi Xitoydan, 11300 ga yaqini Rossiya davlatidan keltirilgan.

Dilmurod TO‘XTAYeV.