Samarqandda mahalla xodimlari taqdirlandi
22 mart — Mahalla xodimlari kuni
Mahalla – jamiyat tayanchi. Yurtimizdagi o‘ziga xos boshqaruv tizimi sifatida qabul qilingan mazkur tizim hudud rivoji, osoyishtaligi, obodligini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi. Shu bois, mamlakatimizda mazkur tizimga alohida e’tibor qaratilib, uning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini yanada oshirish, faoliyat samaradorligini yangi bosqichga ko‘tarish borasida tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda. Albatta, har bir soha rivojida uning jonkuyar, fidoyi xodimlari alohida ahamiyat kasb etadi. Mahalla fuqarolar yig‘inlari faoliyatini samarali tashkil etish tizim xodimlaridan ulkan mas’uliyat talab qiladi. Ana shunday zalvorli vazifada munosib faoliyat yuritayotgan xodimlarni rag‘batlantirish, ular faoliyatiga e’tibor qaratish maqsadida 2020 yildan buyon yurtimizda 22 mart — Mahalla tizimi xodimlari kuni sifatida nishonlanmoqda.
Ushbu sana munosabati bilan davlatimiz rahbarining farmoniga ko‘ra, mahalla tizimi xodimlaridan bir guruhi davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.
Jumladan, Paxtachi tumanidagi “Qarnabota” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Uchqun Begmatov “Do‘stlik” ordeni bilan, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi «Jizmon» oilaviy shifokorlik punktining tibbiy brigada feldsheri Nuridin Norbekov II darajali «Salomatlik» ordeni bilan, Nurobod tumanidagi «Arabota» mahalla fuqarolar yig‘ini hokim yordamchisi Gavhar Isayeva “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.
Samarqand viloyati hokimligida ushbu mukofotlarni va yana bir guruh fidoyilarga “Mahalla iftixori” ko‘krak nishonini topshirish marosimi o‘tkazildi.
Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov mahalla faollarini bayram bilan tabriklab, ularning zahmatli mehnatlarini e’tirof etdi.
– Sohadagi kamtarona mehnatimiz yuksak qadrlanib, davlat mukofotiga loyiq ko‘rilganimdan juda xursandman, – deydi Paxtachi tumanidagi “Qarnabota” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi, “Do‘stlik” ordeni sohibi Uchqun Begmatov. – Tizimda 1996 yildan beri turli vazifalarda faoliyat yuritib kelmoqdaman. Albatta, o‘tgan davr mobaynida tizim o‘ziga xos rivojlanish bosqichini bosib o‘tdi. Samaradorlikni oshirish maqsadida o‘tkazilgan islohotlar jarayoni bugungi kunga kelib mahalla institutini jamiyat tayanchi ekanligini isbotladi. Shu bois ham ayni kunlarda davlatimiz rahbari tomonidan mahallaga alohida e’ibor qaratilmoqda. Ana shunday e’tibor va g‘amxo‘rliklar samarasida viloyat, tuman markazlaridan ancha olis hududda joylashgan bo‘lsa-da, mahallamiz obod manzilga aylanib bormoqda. Aholimiz to‘liq toza ichimlik suvi bilan ta’minlangan. Hududdagi 45-umumiy o‘rta ta’lim maktabi qayta ta’mirlandi. 120 o‘rinli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti va bolalar musiqa va san’at maktabi bunyod etildi. Mahallamiz ichki yo‘llari ta’mirlandi. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan “mahalla yettiligi” tashkil etilganligi hudud aholisining muammolarini shu yerning o‘zida hal etishning eng maqbul yechimi bo‘ldi. Mana shunday imkoniyatlarning yaratilishi tizimdagi har bir xodimning ishiga yanada mas’uliyat bilan yondashishga undaydi. Albatta, kelgusida yanada samarali mehnat faoliyatimiz bilan bildirilgan ishonchni oqlaymiz.
Mahalla tizim xodimlarini qo‘llab-quvvatlash, ularni samarali faoliyatini munosib rag‘batlantirish maqsadida ta’sis etilgan “Mahalla iftixori” ko‘krak nishoni har yili ushbu sanada mahalla taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan fidoyilarga tantanali topshirib kelinmoqda. Shu kungacha Samarqand viloyatidan 251 nafar mahalla jonkuyarlari “Mahalla iftixori” bilan taqdirlangan. Ular safiga bugun o‘zining fidokorona mehnati bilan jamiyat rivoji yo‘lida munosib mehnat qilib kelayotgan yana 18 nafar tizim xodimlari qo‘shildi.
– Mahalla tizimida 18 yil faoliyat yuritdim, – deydi Urgut tumanidagi Beshyog‘och mahallasi faoli Najmiddin A’zamov. – Mahallamizda to‘rt yarim ming nafardan ortiq aholi istiqomat qiladi. Mahallaning tinchligi, obodligini ta’minlash, aholi muammolarini o‘rganish, ularni bartaraf etish katta mas’uliyat talab qiladi. Shu bois, bugungi kunda ham mahallamiz mas’ullariga ko‘makdosh bo‘lib, hududdagi muammolarni hamjihatlikda bartaraf etishga o‘z hissamni qo‘shib kelmoqdaman. Tizimdagi mehnatimizni qadrlab, munosib ko‘rishgani uchun minnatdorlik bildiraman.