Samarqandda maktabgacha ta’lim tizimida 250 nafar yuqori malakali mutaxassisga ehtiyoj bor

Bugun maktabgacha ta’lim tizimiga alohida e’tibor berilmoqda. So‘nggi 3 yil davomida bog‘chalar qiyofasi o‘zgardi. Bolalarga har tomonlama qulay sharoit yaratish maqsadida zamonaviy maktabgacha ta’lim tashkilotlari qurilmoqda. 2017 yilda 565 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyat yuritgan bo‘lsa, bugungi kunda 2421 ta bog‘cha 212 229 nafar bolajonni bag‘riga olgan. E’tiborlisi, eng chekka hududlarda ham bolalar yaxshi sharoitlarda ta’lim olyapti? Muassasalarda yaratilgan sharoitni ko‘rib, ota-onalarning ham bog‘chalarga bo‘lgan munosabati o‘zgargan.
Zamonaviy bog‘chalar barpo etish bilan birga oldimizda malakali mutaxassislarni tayyorlash ham muhim vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda. Zero, shu vaqtgacha tarbiyachilar kunni kech qilish uchungina bolalarni olib o‘tirgan. Bugun esa talab o‘zgardi. Yangi dasturlar asosida bolalarga ta’lim-tarbiya berilyapti. Davlatimiz tomonidan bog‘chalar o‘quv qurollari, turli didaktik materiallar, o‘yinchoqlar ta’minlanyapti. Endi tarbiyachilarning vazifasi ulardan samarali foydalangan holda bolalarning intellektual salohiyatini oshirib, maktabga tayyorlash, sifatli ta’lim-tarbiya berishdan iborat bo‘lmoqda.
Viloyatimizda 2021 yil davomida maktabgacha ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirildi. Pedagog kadrlar 3 yilda 4 107 nafardan 96 947 nafarga oshib, oliy ma’lumotli kadrlar salohiyati 37 foizga yetkazildi. Ammo shunda ham Samarqandda maktabgacha ta’lim tizimida 250 nafar yuqori malakali mutaxassislarga ehtiyoj bor.
Bu boradagi ishlarni yanada oshirish maqsadida SamDU maktabgacha ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 2021-2022 o‘quv yili qabul kvotasini 2 baravarga oshirish hamda oliy ma’lumotli pedagoglar salmog‘i past bo‘lgan Narpay, Kattaqo‘rg‘on, Urgut tumanlari uchun “Maktabgacha ta’lim" yo‘nalishida maqsadli kvota ajratish lozim.
Pedagoglarning uzluksiz malakasini oshirishning elektron tizimi joriy etilib, bunda ular uydan turib erkin uzluksiz bilim olish va o‘zini baholash, sohaga oid ilg‘or tajribalar va innovatsiyalari o‘rganish, malaka oshirish instituti professor-o‘qituvchi va tinglovchilari bilan qayta aloqa qilish, platformadagi elektron adabiyotlardan foydalanish imkoniyati yaratiladi.
2021 yil 15 mart holatiga ko‘ra, viloyatimizda 9397 nafar o‘qituvchi, shu jumladan, ularning 3439 nafari oliy hamda 5958 o‘rta kasb-hunar bilimi ega mutaxassislar ish bilan ta’minlangan. Joriy yil yakunigacha pedagogika institutlari va qayta tayyorlash kurslari bitiruvchilari hisobidan oliy ma’lumotli o‘qituvchilarni ko‘paytirish rejalashtirilgan.
Sobirjon Mirzayev,
viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi kadrlar bo‘limi boshlig‘i.