Samarqandda muddatli harbiy xizmatchilar uchun test sinovlari boshlandi

Samarqand shahrida muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan askarlar uchun Qurolli Kuchlar kichik mutaxassislarni tayyorlash markazida test sinovlari o‘tkazilmoqda.

Test sinovlarida yuqori ball to‘plagan muddatli harbiy xizmatchilar oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda qo‘shimcha ball beradigan harbiy qism komandirining imtiyozli tavsiyanomalarini qo‘lga kiritadi. Test sinovlarini o‘tkazishda shafoflikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgan. Buning uchun auditoriyalar kamera bilan jihozlangan, jarayon nazorat guruhi a’zolari tomonidan kuzatib borilmoqda.

Muddatli harbiy xizmatchilar uchun mo‘ljallangan test savollarining umumiy soni 100 ta bo‘lib, ularning 40 tasi jangovar tayyorgarlik, 20 tasi ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik, 10 tasi matematika, 10 tasi fizika fanlari bo‘yicha tuzilgan. Shuningdek, qolgan 20 tasi mantiqiy test savollaridan iborat.

Har bir to‘g‘ri javob uchun jangovar tayyorgarlik bo‘yicha 1,2 ball, ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik bo‘yicha 1,1 ball, matematika bo‘yicha 1 ball, fizika bo‘yicha 1 ball, mantiqiy savollar bo‘yicha 1 ball beriladi. Maksimal 110 ball olish mumkin. Test sinovlarini o‘tkazishning umumiy vaqti 3 soatni tashkil etadi. Bunda, test sinovi uchun 2 soat 30 daqiqa, javoblar varaqasini to‘ldirish uchun 30 daqiqa ajratiladi.

– Bugun imtiyozli tavsiyanoma olish uchun test topshirdim, – deydi qashqadaryolik askar Javohir Komilov. – Bunda maktab va kollejda olgan bilimlarimiz, qolaversa, harbiy xizmat davomida o‘qib o‘rganganlarimiz asqotdi. Sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tib, yuqori ball to‘plab, harbiy qism komandirining imtiyozli tavsiyanomasini qo‘lga kiritsam, oliy o‘quv yurtiga o‘qishga topshirishni maqsad qilganman.

Ilk kungi test sinovlarida 240 nafar muddatli harbiy xizmatchi ishtirok etdi. Belgilangan grafik asosida test topshirish viloyatning boshqa hududlarida ham 3 fevralga qadar bosqichma-bosqich o‘tkaziladi.