Samarqandda nega tunu-kun ishlaydigan savdo va ko‘ngilochar ko‘chalar (Shopping Street) tashkil etilmayapti?

Hududlardagi mutasaddilarning harakatlari tushunarsiz qolmoqda

Vaholanki, bu vazifa bo‘yicha davlat rahbarining maxsus qarori qabul qilingan. “Xizmatlar sohasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorda joriy yil 1 sentyabrga qadar tuman va shahar markazlarida savdo va ko‘ngilochar ko‘chalar (Shopping Street) tashkil etish belgilangan.

Ahamiyatli tomoni shundaki, savdo va ko‘ngilochar ko‘chalardagi barcha tadbirkorlik sub’yektlariga 24 soat mobaynida tunu kun faoliyat yuritish huquqi beriladi.
Biroq shahar-tumanlarda bu masala bo‘yicha zarur ishlar hamon ortga surib kelinmoqda.

Aslida viloyat bo‘yicha hududlar markazlarida 20 ta ko‘cha ana shunday yangi qiyofa kasb etishi uchun belgilab olingan. Bugungi kunda ularning 13 tasida zarur ishlar tugallanmagan.
Misol uchun, Kattaqo‘rg‘on shahrida Mirzo Ulug‘bek xiyoboni, Bulung‘ur tumanida Sayilgoh, Jomboy tumanida Saroy, Kattaqo‘rg‘on tumanida Mustaqillik, Oqdaryo tumanida Zarafshon, Payariq tumanida "Payariq 50 yilligi", Past Darg‘om tumanida Amir Temur, Samarqand tumanida Termiziy, Toyloq tumanida Amir Temur va Ravonak, Urgut tumanida Islom Karimov 3-tor ko‘chasi va Qo‘shrabot tumanida Mustaqillik ko‘chalarida qurilish va ta’mirlash ishlari chalaligicha qolmoqda.
Tabiiy savol tug‘iladi: izg‘irinli, qirovli kunlarda davom ettiriladigan bunyodkorlik ishlari sifati nechog‘lik bo‘ladi?
Hammasi o‘z yo‘liga. Prezident qarorida belgilangan muddatga nima uchun rioya qilinmadi? Axir, davlat rahbari bu vazifalarni qat’iy belgilashda mavjud imkoniyatlar, tegishli mutaxassislarning xulosalarini olmaganmi?!
Xo‘sh, 13 ta ko‘chada savdo va ko‘ngilochar xizmatlar qachon yo‘lga qo‘yiladi?

Viloyat hokimligi apparat yig‘ilishida hokimlar, sektor rahbarlari, turizm va sport bosh boshqarmasi mutasaddilari oldiga shu kabi aniq savollar qo‘yildi. Mas’ullarga tegishli ishlarni tizimli tashkil qilish yuzasidan zarur ko‘rsatmalar berildi.