Samarqandda odam savdosi jinoyatini sodir qilgan ayolga tayinlangan jazo o‘zgarishsiz qoldirildi

Birinchi instansiya sudi unga 6 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlagan. Ashyoviy dalil deb e’tirof etilgan Samarqand shahar IIB depozit hisobiga topshirilgan 22 million so‘mdan ko‘proq pul davlat egaligiga o‘tkazilgan.

Savol tug‘ilish tabiiy: ojizaning qilmishiga nima uchun yengilroq jazo tayinlanmadi? Jinoyatining asl mohiyati nima bo‘lgan?

Aniqlanishicha, sudlanuvchi Kenja Valiyeva (ism-familiyalar shartli) 5 nafar ayol tanishi bilan professional tarzda jinoiy faoliyat olib borish uchun oldindan til biriktirib, uyushgan guruh tuzgan.

Kenja Valiyeva rahbarligida ushbu guruh 2018 yil avgust oyidan 2020 yil oktyabr oyiga qadar Samarqand shahrining turli nuqtalaridagi uylarda viloyatlaridan kelgan yengil
tabiatli qizlarni moddiy jihatdan nochor ahvolda ekanligidan
foydalangan. Ya’ni, ular 20 nafarga yaqin qizlarni ijaraga boshpana berishni, moddiy jihatdan ta’minlab kelishni va’da qilib, aslida ularni fohishalik bilan shug‘ullanishga majburlagan.

Fuqarolik pasportlari Kenja Valiyeva rahbarligidagi guruh tomonidan olib qo‘yilgan qizlar orasida voyaga yetmaganlari ham bo‘lgan.

Uyushgan jinoiy guruh a’zolari bu qizlarni fohishalik bilan pul topishi maqsadida yollab, foydalanib, har biridan kunlik 200 ming so‘mdan 500 ming so‘mgacha miqdorda pul topishga majburlagan.

2020 yil 25 oktyabrdan qamoqda saqlanayotgan guruh rahbari qilmishidan pushaymonligi, harakatlarining oqibatini
tushunib yetganligi, qaramog‘ida 4 nafar farzandi borligini e’tiborga olib tayinlangan jazoni kamaytirish haqida arz qilgan.

U o‘z shikoyatida jabrlanuvchining da’vosi yo‘qligini, oilaviy sharoiti va ayolligini inobatga olishni so‘ragan.

Shikoyat jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati appelyasiya instansiyasida ko‘rib chiqildi.
Appelyasiya instansiyasiga ko‘ra, K.Valiyevaning jinoyati o‘g‘irlash, zo‘rlik ishlatish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish yoxud majburlashning boshqa shakllarini qo‘llash orqali aybdorga moddiy yoki boshqa jihatdan qaram bo‘lgan shaxsga nisbatan amalga oshirilgan, deb to‘g‘ri baholangan.

Birinchi instansiya sudi uni jamiyatdan ajratmasdan turib axloqan tuzatish imkoniyati mavjud emas deb hisoblab, ayblangan moddasi sanksiyasida nazarda tutilgan ozodlikdan mahrum qilish jazosining eng kam qismidan ham kamroq jazoni tayinlab, qonuniy va adolatli to‘xtamga kelgan.

Tayinlangan jazoni yengillashtirish uchun asoslar mavjud emas, deb topilib, shikoyat qanoatlantirilmasdan qoldirildi.