Samarqandda o‘tgan yili 22 nafar shaxs oqlangan
Ushbu fuqarolarning 21 nafariga jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarning appelyasiya, kassatsiya majlislarida oqlov hukmi e’lon qilingan. Yana biri esa birinchi instansiya sudida aybsiz, deb topilgan.
Ish 2020 yil may oyida jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tuman sudining ochiq sud majlisida ko‘rib chiqilgan. Bu haqda viloyat sudi jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi zarnews.uz ga ma’lum qilgan.
Ishdagi hujjatlarga ko‘ra, sudlanuvchi 1990 yilda Kattaqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan J.R. muqaddam 2015 yil 13 fevral kuni giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish bilan bog‘liq jinoyati uchun 4,5 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.
2015 yil 3 dekabrda Senatning amnistiya to‘g‘risidagi qaroriga asosan jazoning o‘talmagan muddatidan ozod qilingan.
Taassufki, 2020 yil 8 fevral kuni Jinoyat kodeksining ma’muriy nazorat qoidalarini buzish to‘g‘risidagi moddasi bilan ayblangan.
Ish hujjatlariga ko‘ra, jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudi kassatsiya instansiyasi sudlov hay’atining 2020 yil 27 martdagi ajrimi bilan jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tumani sudining 2018 yil 19 dekabrdagi J.R.ga nisbatan chiqarilgan ma’muriy nazorat o‘rnatish to‘g‘risidagi qarori bekor qilingan. Ish yangidan boshqa sud tarkibida ko‘rish uchun jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on shahar sudiga yuborilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on shahar sudining 2020 yil 8 apreldagi ajrimiga muvofiq, J.R.ning sudlanganlik holati tugallanganligi sababli Kattaqo‘rg‘on tumani IIBning ma’muriy nazorat o‘rnatish to‘g‘risidagi taqdimnomasi rad qilinib, ish yuritish tugatilgan.
Shu sababli, sud ish qo‘zg‘atilib tergov va sud muhokamasi o‘tkazilgan ish bo‘yicha jinoiy hodisa yuz bermagan hamda sudlanuvchi J.R.ning qilmishida jinoyat belgilari tarkibiga kiruvchi element–sub’yekt yo‘q deb hisoblab, uni aybsiz, deb topishni va oqlashni lozim topadi.
Bundan tashqari, sudlanuvchi J.R.ga reabilitatsiya qilinishi munosabati bilan o‘ziga yetkazilgan mulkiy ziyonni qoplash hamda ma’naviy va boshqa ziyon oqibatlarini undirish masalasida fuqaroviy sud ishlarini yuritish tartibida sudga murojaat qilish huquqiga ega ekanligini tushuntirdi.
Sud, shuningdek, sudlanuvchi J.R.ga nisbatan dastlabki tergov organi tomonidan qo‘llanilgan munosib xulq-atvorda bo‘lish haqidagi tilxat ehtiyot chorasini bekor qilgan.