Samarqandda o‘tkazilgan Boburxonlik tadbirida hindistonlik professor va talabalar ishtirok edi
![](https://static.zarnews.uz/crop/1/f/720__80_1f6db859b5571cd8f8971d756c6f010f.jpg?img=self&v=1739533083)
Samarqand davlat tibbiyot universitetida ulug‘ ajdodimiz, shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 542 yilligi munosabati bilan adabiy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Unda Hindistondagi Javoharlal Neru universiteti Markaziy Osiyo tadqiqotlari instituti rahbari, Boburshunos olim, professor Ahmad Axlok Axan ishtirok etib, u rahbarlik qilayotgan muassasada Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti, davlat arbobi sifatidagi faoliyati va ijodini o‘rganish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, ulug‘ bobomizning bunyodkorlik ishlari haqida so‘z yuritdi.
– Bir necha kundan buyon yurtingizda Toshkent, Andijon shaharlarida, bugun esa Samarqandda bo‘lib, ulug‘ davlat arbobi, alloma Zahiriddin Muhammad Bobur qadami yetgan joylarni ziyorat qilish baxti nasib etganidan xursandman, – deydi Ahmad Axlok Axan. – Bu yerning tabiati, tarixiy obidalarini ko‘rib, Mirzo Bobur o‘z ona yurtini juda aniq va ravshan, mehr-muhabbat bilan ta’riflaganiga yana bir bor guvoh bo‘ldim. Ulug‘ sarkarda, davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur bizning Hindistonda ko‘plab bunyodkorlik ishlarini amalga oshirish bilan birga sivilizatsiya rivojiga ham beqiyos hissa qo‘shgan. U bizning yurtimizda nafaqat turkiy madaniyat, Islom dinini keng targ‘ib qilgan, balki hind xalqi an’ana va qadriyatlari, madaniyatini ham yuksaltirgan. Shuning uchun hozir ham xalqlarimiz turmush tarzi, qadriyatlarida mushtaraklik, o‘xshashlik yaqqol ko‘rinib turadi.
Tadbirda, shuningdek, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist F.Toshev, Toshkent davlat xoreografiya akademiyasi o‘qituvchisi, filologiya fanlari doktori H.Hamroyeva Bobur ijodi, xususan, “Boburnoma” ensiklopedik asari haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
“Nihol” mukofoti sovrindori Aziz Rajabiy tomonidan mumtoz qo‘shiqlar ijro etildi. Universitet talabalari, jumladan, Hindiston va Pokistondan kelib tahsil olayotgan yoshlar Bobur g‘azal va ruboiylaridan namunalar aytdilar.