Samarqandda O‘zbekiston-Vengriya uchinchi rektorlar forumi ish boshladi
"Ipak yo‘li" turizm va madaniy meros xalqaro universitetida O‘zbekiston-Vengriya uchinchi rektorlar forumi bo‘lib o‘tmoqda.
Forum “Raqamli davrda oliy ta’lim: sun’iy intellekt, innovatsion modellar va global raqobatbardosh universitetlar” mavzusiga bag‘ishlangan bo‘lib, unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, Vengriya Rektorlar konferensiyasi prezidenti Bela Merkeli, shuningdek, ikki mamlakatning yetakchi oliy ta’lim tashkilotlari rahbarlari va soha vakillari ishtirok etmoqda. Tadbirni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Q.Sharipov ochib berdi.
- O‘zbekistonning 50 dan ortiq oliy ta’lim muassasalari, Vengriyaning 30 dan ziyod universitet va ilmiy-ta’lim tashkilotlari 100 ga yaqin hamkorlik to‘g‘risidagi bitim va anglashuv memorandumlari asosida o‘zaro hamkorlik aloqalarini amalga oshirib kelmoqda, - dedi vazir. - So‘nggi besh yil mobaynida O‘zbekiston va Vengriya oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlik tamoman yangi bosqichga ko‘tarildi.
Darhaqiqat, O‘zbekiston-Vengriya hamkorligidagi axborot texnologiyalari, sun’iy intellekt, muqobil energiya manbalari, oziq-ovqat mahsulotlari, qurilish materiallari va ekologik loyihalarni qamrab oluvchi 17 ta startap-loyihalar ma’qullangan va moliyalashtirilgan.
Forum davomida 20 dan ortiq yangi hamkorlik shartnomalari imzolanishi, katta loyihalarga start berilishi kutilmoqda.
Anjuman ikki kun davom etadi.