Samarqandda pora olish va mansab vakolati doirasidan chiqish bilan ayblangan sobiq IIB xodimiga 100 million so‘mdan ko‘proq to‘lanadigan bo‘ldi
Avvalroq ham shunga o‘xshash bir necha holat haqida aytilgandi. Biroq viloyat MIBdan bu to‘lovlar amalga oshirilgani yoki yo‘qligi haqida xabar berilmagan.
Bu gal ham viloyat sudining sudyasi A.Akramov raislik qilgan sud majlisida sobiq xodim IIB xodimining to‘lanmay qolgan ish haqlarini undirish haqida ajrim chiqarilgan. Ajrim ijrosini ta’minlash, ya’ni 134 131 206 so‘mni to‘lab berish viloyat moliya bosh boshqarmasi zimmasiga yuklatilgan.
Ish hujjatlariga ko‘ra, B.P. sudlangunga qadar Samarqand viloyat IIB jinoyat qidiruv va terrorizmga qarshi kurashish bo‘limining kissavurlik jinoyatlariga qarshi kurashish bo‘linmasi tezkor vakili yordamchisi vazifasida ishlab kelgan.
2011 yil 4 avgustda jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudining hukmi bilan 3 yil muddatga IIV tizimida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 5 yil 9 oy 14 kun ozodlikdan mahrum qilish va eng kam oylik ish haqining 200 baravari, ya’ni 1 880 000 so‘m jarima jazolari tayinlangan. U Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) 3-qismi “b” bandi va 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 2-qismi “v” bandi bilan ayblangan.
Tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosi Oliy Majlis Senatining 2006 yil 30 noyabr hamda 2007 yil 30 noyabrdagi “Amnistiya to‘g‘risida”gi qarorlariga asosan uchdan bir qismiga qisqartirilgan.
2022 yil 29 sentyabrda Oliy sud jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyasiya instansiyasining hukmi bilan P.B. ayblash haqidagi hukm bekor qilinib, aybsiz deb topilgan va oqlangan.
Ajrimda P.B.ning boshqa moddiy va ma’naviy zararlarini undirish yuzasidan asoslantiruvchi hujjatlarini taqdim qilgan holda, kelgusida fuqarolik tartibida sudlarga murojaat qilish huquqi borligi tushuntirilgan.