Bronza va ilk temir asrida Markaziy Osiyo xalqlari madaniyati qanday bo‘lgan?
Samarqand arxeologiya institutida «Bronza va ilk temir asrida Markaziy Osiyo xalqlari moddiy madaniyati» mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi onlayn va offlayn tarzda bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda institut xodim va talabalari, bir guruh arxeolog olimlar, shuningdek, Samarqand, Termiz, Guliston davlat universitetlari hamda O‘zbekiston Milliy universitetining professor-o‘qituvchilari ishtirok etdi.
- Konferensiyada bundan 4 ming yil avval mamlakatimiz janubi, ya’ni, Surxondaryo vohasida tuz koni ochilganligi va tuzning qadimgi sharq davlatlariga eksport qilinganligi, shuningdek, bu hududdagi bronza davri yodgorliklari yaqinida gips koni tashkil etilganligi haqida qimmatli ma’lumotlar berildi, - deydi tarix fanlari nomzodi Komil Rahimov. – Albatta, bu yurtimizda arxeologiya fanining ulkan yutug‘i hisoblanadi. Ushbu konferensiya o‘tkazilishining asosiy maqsadi, turli qazishma ishlari va o‘rganishlar natijasida kashf etilgan yangi ma’lumotlarni bir-birimiz bilan o‘zaro bo‘lishish orqali arxeologiya fani rivoji uchun yangiliklar kiritishdan iborat.
Tadbir davomida qoyatosh tasvirlarini muhofaza qilish, bronza davri an’anaviy teatr, musiqa va raqs san’ati shakllanish tarixi, Marg‘iyona va Shimoliya Baqtriyaning bronza davri sug‘orilish tarixining o‘rganilishi kabi bir qator tarixiy hamda arxeologik mavzularga doir videomateriallar namoyish etildi.