Samarqandda “Rossiya madaniyati kunlari” davom etmoqda

O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan “Rossiya madaniyati kunlari” tadbirlari doirasida viloyat musiqali drama teatrida Dog‘iston Respublikasining “Lezginka” akademik raqs ansambli konsert dasturlari namoyish etildi.
Dunyoga mashhur ushbu ansabml 1958 yilda tashkil etilgan bo‘lib, dunyoning ko‘plab mamlakatlarida, jumladan, Avstraliya, AQSh, Belgiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Yangi Zelandiya, Ispaniya, Italiya, Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya kabi davlatlarda o‘z san’atini namoyish etib, turli tanlovlar g‘olibi bo‘lgan.
– Har oyda turli mamlakatlarga ijodiy safarda bo‘lamiz, – dedi "Lezginka" ansambli direktori Janbulad Magomedov. – Ammo O‘zbekistonda, Samarqandda 45 yildan buyon bo‘lmagandik. Bugun jamoamiz tomonidan tayyorlangan 17 ta milliy raqsimiz Dog‘iston milliy qadriyatlarini o‘zida jamlagan. Samarqand o‘zining tarixiyligi bilan ham bizni o‘ziga maftun etdi. Ayniqsa, odamlari yuzidagi samimiylik, ochiq ko‘ngillik bizni maftun etdi. Tomoshamiz albatta, samarqandliklarga manzur bo‘ladi, degan umiddamiz.
Shuningdek, teatr foyesida moskvalik mehmonlarning "Loskutnaya mozaika Rossii" deb nomlangan ko‘rgazmasi ham bo‘lib o‘tdi. Ko‘rgazmada rossiyalik ijodkorlar va hunarmandlar tomonidan mozaika usulida yaratilgan sara asarlar namoyish etildi. Ushbu asarlar Rossiyaning eng chekka hududidan tortib, markaziy shaharlarning milliy qadriyatlarini o‘zida jamlagan.
Tadbirda viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Jamshid O‘roqov va shahar hokimi B.Oblaqulovlar ishtirok etdi.
Baxtiyor MUSTANOV.