Samarqandda shaharsozlik Barselona, Valensiya, Madrid, Florensiya, Milandagi tajribalar asosida takomillashadi
Samarqand shahrida «ACIR Southern Europe» alyansi tashabbusi bilan "Senior" shaharsozlik-me’morchilik loyihasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Mazkur xalqaro biznes platforma Janubiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari kompaniyalari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida tashkil etildi. Taqdim etilgan loyihalar esa Ispaniya, Portugaliya va Italiya davlatlarida shaharsozlik borasida yuqori tajribaga ega tashkilotlar vakillari tomonidan ishlab chiqilgan.
«ACIR Southern Europe» alyansi va viloyat hokimligi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik bitimi 2023 yilning 23 yanvarida imzolangan edi. Bugungi kunda Janubiy Yevropaning Barselona, Valensiya, Madrid, Florensiya, Milan shaharlari bilan hamkorlikda 6 ta yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
"Senior" muallifi Eduard Gulyanning ta’kidlashicha, loyihani amalga oshirish jarayonida shaharda hayot sifatini yaxshilash, o‘ziga xos milliy madaniyatning muhim elementlarini saqlab qolish borasidagi takliflar hisobga olinadi. Shu bilan birga, har qanday modernizatsiya ilg‘or Yevropa tajribasi va tegishli moliyalashtirish texnologiyalaridan foydalangan holda amalga oshiriladi.
Joriy yil 6 iyul va 19 sentyabrda bo‘lib o‘tgan qo‘shma yig‘ilishlarda viloyat hokimi o‘rinbosarlari, Ispaniya Qirolligining O‘zbekistondagi vakillari va O‘zbekiston Respublikasining Ispaniyadagi vakillari, qurilish bo‘yicha mutaxassislari ishtirok etgan edi.
Tez orada kompaniya mutaxassislari bilan navbatdagi yig‘ilishni o‘tkazish rejalashtirilgan. Bunda loyihaning umumiy rejasi aniqlashtirilib, uning moliyaviy tomonlari kelishib olinadi. Loyihani amalga oshirishda Yevropa davlatlarida qo‘llaniladigan obodonlashtirish texnologiyalarini Samarqand shahri atrof-muhitiga mos kelishi, aholi salomatligiga ziyon yetkazmasligiga katta ahamiyat beriladi.
Dilmurod TO‘XTAYeV.