Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqandda sher topib olinmagan, balki ushlab qolingan

Xabaringiz bor, biroz oldin "Samarqand yo‘llarida sher bolasini topib olishibdi. Sher bolasi hozircha kimga tegishli ekanligi noma’lumligi aytilmoqda” nomli videolavha joylashtirilgan edi.

Mazkur holat yuzasidan Samarqand viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi axborot xizmati ma’lumot taqdim etdi.

Qayd etilishicha, bugun videolavhada ko‘rsatilgan sher bolasi, aytilayotganidek, topib olingani yo‘q, balki ushlab qolindi.

Gap shundaki, Samarqand viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish hamda viloyat ichki ishlar boshqarmalari hamkorligida o‘tkazilayotgan reyd davomida Qashqadaryodan Andijonga harakatlanayotgan avtomashina tekshirilganda, unda sher bolasi olib ketilayotgani aniqlangan.

Viloyat ekologiya boshqarmasi mutaxassislarining sher bolasining qayerdan, nima uchun olib ketilayotganligi haqidagi savollariga haydovchi aniq javob bermasdan hujjatlarni taqdim qilmagan. Sal o‘tmay esa “hujjatlarni olib kelaman” deb sher bolasini tashlab qochib ketgan.

Shundan so‘ng olib borilgan tezkor tadbirlar davomida haydovchi ushlangan va ayni paytda dastlabki surishtiruvlar olib borilmoqda.

Sher bolasi esa Samarqand viloyat ekologiya boshqarmasida o‘rnatilgan tartibda vaqtincha saqlanayotgani ma’lum qilingan.