Samarqandda “Sifat haftaligi” tadbirlari boshlandi
O‘zbekiston “O‘zStandart” agentligi hamda uning viloyat hududiy bo‘linmalari “Korzinka” savdo tarmog‘i bilan hamkorlikda butunjahon sifat kuni munosabati bilan “Daladan dasturxongacha” tamoyili asosida mahsulotni tashish, saqlash va uni sifatli tarzda iste’molchi dasturxoniga etkazib berish zanjirini yoritishga qaratilgan press-tur tashkil qilindi.
Bir guruh jurnalistlar ishtirokida o‘tkazilgan tadbirning asosiy maqsadi, yuqori sifatli mahsulotlar va xizmatlarning ahamiyatini oshirish, shuningdek, sifatga erishishdagi muammolarga e’tiborni qaratishni faollashtirishdan iborat.
- Butunjahon “sifat haftaligi” har yili dunyoning ko‘plab mamlakatlarida noyabr oyining ikkinchi payshanbasida nishonlanib kelinadi, - deydi “O‘zStandart” agentligining davlat nazorati departamenti viloyat bosh mutaxassisi Rahmat Tojiboyev. - Shu munosabat bilan joylarda sifat haftaligi boshlandi. Bu kabi tadbirlar aholiga yetkazib berilayotgan barcha turdagi mahsulotlarning sifati yaxshilanishiga hamda narx-navoning barqarorligini ta’minlashga yordam beradi. Sifat — bu nafaqat odamlar va atrof-muhit uchun, balki mahsulotlarning xavfsizligi, iste’molchilarning so‘rovlarini va talablarini belgilaydigan muhim mezon hisoblanadi. Joylarda olib borilgan kuzatuvlar natijasida standart talab va belgilangan narxlarda kuzatilgan buzilish holatlarida tezkor chora-tadbirlar, albatta, savdoning rivojlanishiga to‘sqinlik qilinmasdan amalga oshirilmoqda. Bunda eng avvalo, profilaktik targ‘ibotlar olib borilishiga asosiy e’tibor qaratilyapti. Yurtimizda sifat sohasidagi davlat siyosatining asosiy maqsadi, iqtisodiyotning barqaror rivojlanishi uchun ichki va tashqi bozorlarda mahalliy mahsulotlarimiz va xizmatlarning raqobatdoshligini ta’minlash, ijtimoiy masalalarni hal qilish va fuqarolarning hayot sifatini yaxshilashdan iboratdir.
Tadbir doirasida ishtirokchilar tomonidan «Korzinka» savdo tarmog‘idagi mahsulotlarning sifati va hamyonbobligi jihatlarini tahlil qilindi. Shuningdek, bozor va yarmarkalar, savdo majmualaridagi narxlar bilan taqqoslab, o‘rganish olib borildi.
Jasurbek ShUKUROV.