Samarqandda tibbiy xizmatlar asosan “bir qadam” tamoyili asosida yo‘lga qo‘yiladi

Samarqand viloyati sog‘liqni saqlashning yangi modelini joriy qilish bo‘yicha tajriba-sinov hududi sifatida belgilab olingan edi. Unga ko‘ra, 2026 yildan viloyatda ushbu modelni to‘liq joriy qilish maqsadida 117 ta ob’yektda  479 mlrd. 300 mln. so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi.

Jumladan, viloyatda birlamchi tizimni aholiga yanada yaqinlashtirish maqsadida 1-2-tipdagi 95 ta oilaviy poliklinikaning qurilish-ta’mirlash ishlariga 360 mlrd. so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi. Shuningdek, Urgut tumanida xalqaro talablarga to‘liq javob beradigan namunaviy tipdagi yangi shifoxona barpo etish ishlari boshlanadi.

Natijada viloyatdagi 90 foizdan ortiq tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasi yaxshilanadi.

Qolaversa, hudud aholisi uchun tibbiy xizmatlar “bir qadam” tamoyili asosida ko‘rsatilib, murojaatlarning 70 foizini to‘liq birlamchi bo‘g‘inda hal etishga choralari ko‘riladi.